← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Oktava

Oktava (lot. octo, octava – sakkiz, sakkizlik) – sakkiz misradan tarkib topuvchi, besh yoki olti stopali yamb (q. stopa) oʻlchovidagi misralari abababcc tartibida qofiyalanuvchi band shakli. Uygʻonish davri italyan sheʼriyatida yuzaga kelgan va tez orada italyan hamda ispan epik poeziyasining asosiy band shakli boʻlib qolgan. Jumladan, L.Ariosto, T.Tasso singari mashhur adiblarning epik poemalari O. band shaklida yozilgan. Keyinchalik O. band shakli boshqa xalqlar adabiyotlarida ham oʻzlashgan: nemis adabiyotida Gyote (“Faust”ga yozilgan bagʻishlov), ingliz adabiyotida Bayron (“Don Juan”), rus adabiyotida V.Jukovskiy, A.Pushkin va b. boy ritmik-intonatsion imkoniyatlari, qofiyalanish tartibi va oʻlchovning qulayligi sababli O. band shaklida lirik sheʼrlar ham yoza boshlaganlar. O.da avvalgi olti misraning kesishgan tartibda va soʻnggi ikki misraning juft qofiyalangani katta qulaylik tugʻdiradi: dastlabki 6 misrada his-tuygʻuni yo oʻy-fikrni rivojlantirib kelib, soʻnggi ikki misrada lirik yakun yasash mumkin. Shu qulaylik tufayli O.dan lirik sheʼrlar yozishda ham foydalana boshlangan. Bu holda endi O. qatʼiy sheʼr shakli, sheʼriy janr sifatida tushuniladi.

“ONG OQIMI” – XX asr modernistik adabiyotida maydonga kelgan hayotni tasvirlash usuli; inson ruhiyatida kechuvchi jarayonlarni bevosita, ular haqiqatda qanday kechsa, oʻshanday tasvirlashga intilgan adiblar va ularning asarlariga nisbatan qoʻllanuvchi shartli atama. O.o. termini XIX asr oxirlarida ommalashgan boʻlib, amerikalik faylasuf U.Jems faoliyati bilan bogʻliq. U.Jemsga koʻra, inson ongi daryo oqimiga monanddir, bu oqimda his-tuygʻular, oʻy-fikrlar, tuyqus paydo boʻluvchi assotsiatsiyalar bir-biri bilan betartib almashinib turadi, mantiqan izohlab boʻlmaydigan darajada bir-biriga chatishib ketadi. Adabiyot hamisha inson ruhiyatida kechuvchi jarayonlarga qiziqqan, ularni turli yoʻllar bilan ifodalashga intilgan. Bu narsa, ayniqsa, inson xatti-harakatlarini ham ijtimoiy, ham ruhiy jihatdan asoslashga intilgan realistik adabiyotda kuchli namoyon boʻldi. XIX asr realistik adabiyotida ichki monologning keng ommalashgani, L.Tolstoy, F.Dostoyevskiy kabi adiblarning ichki monolog imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanib, ruhiy jarayonlarni imkon qadar haqiqatga monand tasvirlash yoʻlida samarali izlanganlari shu intilishning natijasidir. O.o.ni shu izlanishlarning bevosita davomi, ichki monologning shartlilik asosida mantiq qoliplariga solinmagan koʻrinishi sifatida tushunish mumkin. Yaʼni realistik adabiyot O.o. (ichki monolog)ni tasvir usullaridan biri deb biladi, unda inson ongidagi jarayonlar voqelik bilan bogʻlanadi va uni badiiy idrok etish vositasi boʻlib qoladi. Oʻtgan asrning boshlaridan shakllangan O.o. adabiyoti esa unga hayotni badiiy aks ettirishning universal metodi deb qaradi, inson ruhiyatida kechuvchi jarayonlarni aslicha aks etirishga intildi, ularni voqelik bilan bogʻlash, mantiqiy izchil koʻrinishga keltirish, qolipga solishdan voz kechdi. Natijada O.o. adabiyotining V.Vulf, M.Prust, J.Joys kabi yirik namoyandalari asarlarida asosiy maqsad inson ruhiyatiga imkon qadar chuqur kirib borish, uning qorongʻu puchmoqlariga nazar solish boʻlib qoldiki, natijada ular koʻp jihatdan eksperimentallik xususiyatini kasb etdi, anʼanaviy eposga xos rivoya strukturasi parokandalikka uchradi, xarakter butunligiga putur yetdi. O.o. adabiyoti inson ruhiyati tasviri va tahlilida, hech shubhasiz, olgʻa qadam edi, biroq, ikkinchi tomondan, unda ruhiyat tasviri bobida naturalizmga ogʻish kuzatildi. Yaʼni naturalizm voqelikni bor holicha tasvirlashga intilgani kabi, O.o. adabiyoti inson ruhiyatidagi jarayonlarni aslicha aks ettirishni maqsad qildi. Mazkur kamchilik va cheklanganlikdan qatʼi nazar, O.o. adabiyoti insonni anglash imkoniyatlarini kengaytirdi, inson va uning ruhiyati haqidagi tasavvurlarni boyitdi. O.o. adabiyoti, xususan, uning yorqin namoyandasi J.Joysning “Uliss” asari badiiy tafakkur rivojida chuqur iz qoldirdi. Jumladan, O.o. adabiyoti E.Xeminguey, U.Folkner kabi bir qator yirik adiblarning ijodiy oʻsishiga turtki berdi, uning anʼanalari syurrealizm, yangi roman namoyandalari izlanishlarida ijodiy davom ettirildi; O.o.ning paydo boʻlishiga zamin hozirlagan realistik adabiyot ham uning maʼqul tomonlarini oʻzlashtirdi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish