Oq sheʼr (ruschadan kalka: “belыy stix”) – muayyan oʻlchovga ega boʻlgani holda misralari oʻzaro qofiyalanmagan sheʼr. Yevropa sheʼriyatida XVI asrdan boshlab, qofiyasi boʻlmagan antik sheʼriyatga ergashish natijasi sifatida paydo boʻlgan. Dastlab epik va dramatik (Shekspir, Milton, Jukovskiy) poeziyada qoʻllangan, keyinchalik bu sheʼr shaklidan lirikada ham foydalanila boshlandi. O.sh. bilan qofiyalanish tartibi erkin boʻlgan sheʼr shakllarini chalkashtirmaslik kerak. Yuqorida aytilganidek, O.sh.da hamisha maʼlum oʻlchov asosidagi izometriya mavjud boʻladi. Mas., U.Nosirning quyidagi sheʼri:
Shafaq oʻchay deb qoldi,
Kaptar qonidek rangsiz...
Koʻzlarimni uzmayman.
Deding: Endi oʻchar u!
Oʻtgan qaytib kelmaydi,
Ertani sevinib kut , –
7 boʻgʻinli barmoq vaznida yozilgan boʻlib, unda shu oʻlchov butun sheʼr davomida saqlanadi, lekin misralari oʻzaro qofiyalangan emas. XX asr oʻzbek adabiyotida O.sh. namunalari Oybek, H.Olimjon, M.Shayxzoda, A.Oripov, R.Parfi kabi koʻplab shoirlar ijodida ham uchraydi. Shuningdek, adabiyotimizda O.sh.dan sheʼriy dramalar yozishda ham foydalanilgan (M.Shayxzoda. “Mirzo Ulugʻbek”).
Оқ шеър (русчадан калька: “белый стих”) – муайян ўлчовга эга бўлгани ҳолда мисралари ўзаро қофияланмаган шеър. Европа шеъриятида XVI асрдан бошлаб, қофияси бўлмаган антик шеъриятга эргашиш натижаси сифатида пайдо бўлган. Дастлаб эпик ва драматик (Шекспир, Мильтон, Жуковский) поэзияда қўлланган, кейинчалик бу шеър шаклидан лирикада ҳам фойдаланила бошланди. О.ш. билан қофияланиш тартиби эркин бўлган шеър шаклларини чалкаштирмаслик керак. Юқорида айтилганидек, О.ш.да ҳамиша маълум ўлчов асосидаги изометрия мавжуд бўлади. Мас., У.Носирнинг қуйидаги шеъри:
Шафақ ўчай деб қолди,
Каптар қонидек рангсиз...
Кўзларимни узмайман.
Дединг: Энди ўчар у!
Ўтган қайтиб келмайди,
Эртани севиниб кут , –
7 бўғинли бармоқ вазнида ёзилган бўлиб, унда шу ўлчов бутун шеър давомида сақланади, лекин мисралари ўзаро қофияланган эмас. ХХ аср ўзбек адабиётида О.ш. намуналари Ойбек, Ҳ.Олимжон, М.Шайхзода, А.Орипов, Р.Парфи каби кўплаб шоирлар ижодида ҳам учрайди. Шунингдек, адабиётимизда О.ш.дан шеърий драмалар ёзишда ҳам фойдаланилган (М.Шайхзода. “Мирзо Улуғбек”).
Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.