← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ocherk

Ocherk (rus. ocherkat – tasvirlash) – epik turning kichik shakli, badiiy-publitsistik janr. O. hajm eʼtibori bilan hikoyaga yaqin turadi, lekin undan qator jihatlari bilan farqlanadi. Avvalo, O. konflikt asosida rivojlanib yechimga intiluvchi syujetga ega emas. Hikoyada hayotdagi voqealar ijodiy tafakkur kuchi bilan qayta ishlanib badiiy voqelikka aylantirilsa, O.da mavjud voqelikning xarakterli (muallif maqsadiga mos) jihatlarini tanlab olib tasvirlash bilan cheklaniladi. Boshqacha aytsak, O. hamisha hujjatlilik xususiyatiga ega: unda tasvirlangan shaxslar hayotda mavjud, voqealar haqiqatda yuz bergan va h. Hikoya badiiy obrazlar vositasida fikrlaydi, O.da esa muallif mushohadalari faktografik va illyustrativ obrazlarga tayanadi; hikoyaning diqqat markazida muhit bilan aloqadagi shaxs xarakteri tursa, O. markazida ijtimoiy muhitning shaxs obrazi orqali qoʻyilayotgan muammolari turadi. Shu jihatdan, O.ning turli muammolarni idrok qilish, bilish imkoniyatlari juda keng. Shu bois ham, mutaxassislar fikricha, milliy adabiyotlar tarixida O.ning gullab-yashnashi jamiyat hayotida tub oʻzgarishlar yuz berayotgan davrlarga toʻgʻri keladi. Zero, deyarli barcha O.larning materiali – muallif yashagan davr hayoti, ularda shu davrga oid faktlar, zamondoshlar qalamga olinadi.

Ayrim manbalarda O.lar tabiatiga koʻra badiiy adabiyot, belletristika (q. belletristika) yoki publitsistikaga kiritilishi mumkin deb koʻrsatiladi. Biroq bu holda O. bilan hikoyani farqlovchi jihatni belgilab boʻlmay qoladi, zero ayrim hikoyalar ocherklilik xususiyatiga (q. hikoya) ega. Shuning uchun O.ni belletristika va publitsistika janri sifatida tushungan maʼqulroqdir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish