← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Pafos

Pafos (yun. pathos – his, ehtiros) – ijodkorning oʻzi tasvirlayotgan voqelikka gʻoyaviy-hissiy munosabati, avtor emotsionalligi. P. termini antik estetika va ritorikada ishlatilgan boʻlib, keyinchalik turli maʼno oʻzgarishlariga uchragan. Jumladan, Arastu P. deganda inson qalbining xususiyati, kuchli ehtirosni nazarda tutadi. Unga koʻra, P. notiqlik usullaridan boʻlib, uning yordamida notiq tinglovchilarda oʻzi istagan hislarni uygʻotadi. Terminni tragediyaga nisbatan qoʻllaganida, Arastu P.ning qahramon fojiasi, ruhiy iztiroblari orqali namoyon boʻlishi va tomoshabinda ham shunga mos hislarni uygʻotishini taʼkidlaydi. Keyinchalik, xususan, Uygʻonish davridan boshlab P. inson qalbining xususiyati deb emas, balki asarning muayyan his-tuygʻularni uygʻota olish xususiyati sifatida tushunila boshlandi, shu bois ham u koʻproq uslub, qahramon, koʻtarinkilik, tragiklik kabi tushunchalar bilan bogʻliq holda ishlatildi. Gegel estetikasida P. juda muhim oʻrin tutadi, u sanʼatning oʻzagi, “sanʼat saltanati”ning asosi sifatida talqin qilinadi. Gegelga koʻra, P. inson mohiyatini tashkil etuvchi obyektiv mavjudlik, qalbni harakatlantiruvchi qudratli kuch boʻlib, ijodkor oʻz asarida uni ifodalashni maqsad qiladi, yaʼni muayyan P.ni ifodalash sanʼat asarining muddaosi, ijodning motividir. Shu asosda Gegel ijodga turtki beruvchi motivlar, P. koʻrinishlari sifatida “oila, vatan, davlat, cherkov, shon-sharaf, doʻstlik, gʻurur, nomus, muhabbat” kabilarni koʻrsatadi. Gegel taʼrifidagi P., koʻproq, asar personajlari bilan bogʻliq boʻlsa, V.Belinskiy uni ijodkor shaxsi bilan bogʻlaydi. Unga koʻra, P. “gʻoya-ehtiros” boʻlib, u ijodkorning maʼnaviy borligʻidan kelib chiqadi. Bu holda alohida olingan asar P.i haqida ham, muayyan ijodkorga xos P. haqida ham gapirish mumkin boʻladi. P.ni bunday tushunish shoʻro adabiyotshunosligida, jumladan, oʻzbek adabiyotshunosligida ham ustuvorlik qildi. Mas., G.Pospelov P.ni badiiy mazmunning mavzu, problematika, badiiy gʻoya qatoridagi muhim uzvlaridan deb biladi va uning qahramonlik, tragizm, sentimentalizm, romantika, dramatizm, satira va yumor kabi turlarini ajratadi. Shuni qayd etish lozimki, G.Pospelov P. termini bilan bir qatorda, voqelikka gʻoyaviy-hissiy munosabat terminini ham qoʻllaydi. Adabiyot nazariyasiga oid ayrim manbalarda esa P. oʻrniga avtor emotsionalligi, voqelikka munosabat turlari kabi terminlar ishlatiladi. Mazkur hol hozirgi adabiyotshunoslikda P. termini qoʻllanishi jihatidan passivlashganidan dalolat beradi. Buning sababi esa uning hodisa mohiyatini toʻla qamray olmayotgani bilan bogʻliqdir. Agar Arastu-Gegel anʼanasi boʻyicha P. koʻproq personajlar (obyekt) bilan, Belinskiydan boshlab ijodkor (subyekt) bilan bogʻlangan boʻlsa, hozirda subyekt – obyekt – adresat uchligini birlikda olib qarab, ularni qamrab oluvchi badiiylik moduslari (q.) termini faollashdi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish