Pleonazm (yun. pleonasmos – ortiqchalik) – koʻpsoʻzlilik; nafaqat muayyan mazmunni toʻliq ifodalash uchun, balki uslubiy jihatdan ham ortiqcha soʻz qoʻllash. P. stilistik figuralar sirasiga kiritiladi, lekin meyordan birozgina chekinish uni uslubiy kamchilikka aylantiradi. Fikrni kuchaytirib ifodalovchi vosita sifatida soʻzlashuv nutqida (mas., “oʻz koʻzim bilan koʻrdim”), folklor asarlarida (“Qora siyoh qoshlari... Qaro-qaro sochlari...”) keng qoʻllanadi. P.ning meyorni saqlagan holda qoʻllanishi ifodaning taʼsirli, ohangdor boʻlishiga xizmat qiladi (E.Shukur: “Karvon xoki turob – tevarak sarob, Qayoqqa ketarmiz, ey dil, qayoqqa?”). Gʻ.Gʻulomdan olingan quyidagi sheʼriy parchada esa meyor bir qadar buzilgan, shu bois unda ortiqchalik seziladi, P. uslubiy kamchilikka aylanadi:
Qoʻsh chiqdi
MTS qoʻrasidan,
“Formol”, Chelyabin,
Xarkov traktorlari,
Bir emas, qator ryad-ryad,
Yakka emas qoʻsh chiqdi, qoʻsh chiqdi.
Bu oʻrinda butun boshli sheʼriy band birgina “traktorlar qator-qator boʻlib chiqdi” degan fikrni ifoda etadi. Albatta, shoir qishloqda texnikaning koʻpayganidan benihoya quvonganini izhor etmoqchi, lekin meyor saqlanmagani uchun ifoda va mazmun orasida nomutanosiblik yuzaga keladi.
Плеоназм (юн. pleonasmos – ортиқчалик) – кўпсўзлилик; нафақат муайян мазмунни тўлиқ ифодалаш учун, балки услубий жиҳатдан ҳам ортиқча сўз қўллаш. П. стилистик фигуралар сирасига киритилади, лекин меъёрдан бирозгина чекиниш уни услубий камчиликка айлантиради. Фикрни кучайтириб ифодаловчи восита сифатида сўзлашув нутқида (мас., “ўз кўзим билан кўрдим”), фольклор асарларида (“Қора сиёҳ қошлари... Қаро-қаро сочлари...”) кенг қўлланади. П.нинг меъёрни сақлаган ҳолда қўлланиши ифоданинг таъсирли, оҳангдор бўлишига хизмат қилади (Э.Шукур: “Карвон хоки туроб – теварак сароб, Қаёққа кетармиз, эй дил, қаёққа?”). Ғ.Ғуломдан олинган қуйидаги шеърий парчада эса меъёр бир қадар бузилган, шу боис унда ортиқчалик сезилади, П. услубий камчиликка айланади:
Қўш чиқди
МТС қўрасидан,
“Формол”, Челябин,
Харьков тракторлари,
Бир эмас, қатор ряд-ряд,
Якка эмас қўш чиқди, қўш чиқди.
Бу ўринда бутун бошли шеърий банд биргина “тракторлар қатор-қатор бўлиб чиқди” деган фикрни ифода этади. Албатта, шоир қишлоқда техниканинг кўпайганидан бениҳоя қувонганини изҳор этмоқчи, лекин меъёр сақланмагани учун ифода ва мазмун орасида номутаносиблик юзага келади.
Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.