← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Poetika

Poetika (yun. poietike techne – ijod sanʼati) – keng maʼnoda adabiyot nazariyasi, tor va hozirda koʻproq qoʻllanilayotgan maʼnoda adabiyot nazariyasining tarkibiy qismi, adabiy asar haqidagi taʼlimot. P.ni umuman adabiyot, soʻz sanʼati haqidagi fan – adabiyot nazariyasi maʼnosida tushunish antik davrlardan anʼanaga aylangan. P.ni tor maʼnoda – adabiyot nazariyasining tarkibiy qismi sifatida tushunish XX asrning ilk choragidan boshlab qaror topgan boʻlib, bunda rus adabiyotshunosligidagi formal maktab vakillarining xizmati katta. Ular adabiy asarning shakliy tomonlariga, uning qurilishi masalalariga asosiy eʼtiborni qaratdilar. Garchi bu maktabning ilk bosqichida shaklni ustun qoʻyish, badiiy asar “priyomlar yigʻindisi” (V.Shklovskiy) qabilidagi daʼvolar boʻlsa ham, keyincha badiiy shakl va mazmunni uygʻun birlikda olib oʻrganish tomon burilish kuzatiladi. Formal maktab vakillari va unga yaqin ilmiy mavqeda turgan olimlar til va nutqning uslubiy koʻrinishlari (V.V.Vinogradov), badiiy asar tili (G.O.Vinokur), sheʼr kompozitsiyasi, ritm va metrika (V.M.Jirmunskiy), sheʼriy sintaksis va poetik intonatsiya (B.M.Eyxenbaum), syujet qurilishi (V.Shklovskiy), sehrli ertaklar strukturasi (V.Ya.Propp) kabi qator masalalarni atroflicha chuqur tadqiq etdilar. Bu ilmiy izlanishlar adabiy asar mohiyatiga kirib borish, unga badiiy joziba baxsh etgan unsurlarni ochib berishga qaratilgan boʻlib, ular adabiy asar qurilishi bilan bogʻliq oʻrganilishi lozim boʻlgan masalalar koʻlami benihoya kengligi va muhimligini koʻrsatdi. B.V.Tomashevskiy oʻtgan asrning 20-yillarida: “P.ning (boshqacha aytsak – adabiyot yoki soʻz sanʼati nazariyasining) vazifasi adabiy asar qurilishi usullarini oʻrganishdan iboratdir. P.ning obyekti – badiiy adabiyot”,– deb yozarkan, P.ni adabiyot nazariyasiga sinonim tarzida ishlatsa-da, uning vazifasi “adabiy asar qurilishi usullarini oʻrganish”, deb taʼkidlaydi. Shuning oʻzidayoq P.ni adabiyot nazariyasining maxsus sohasi sifatida tushunishga moyillik kuzatiladi. Xuddi shu yillarda V.M.Jirmunskiy P.ni “adabiyotni sanʼat sifatida oʻrganuvchi fan”, deya taʼriflaydi. Uning fikricha, estetik obyekt va estetik kechinma xususiyatlarini belgilash alohida fan boʻlmish P. doirasidan tashqarida, P.ning vazifasi estetik obyekt – adabiy asar strukturasini oʻrganishdir. Formal maktabga qarshi turgan M.M.Baxtin sotsiologik P. haqida soʻz yuritadi va uning vazifasi “Adabiy asar nima? Uning strukturasi qanday? Bu strukturaning elementlari qaysilar, ularning funksiyalari nimalardan iborat? Janr, uslub, syujet, mavzu, motiv, qahramon, metr, ritm, melodika va h. – nima?” kabi masalalarni oʻrganish”, deb taʼkidlaydi. M.M.Baxtin nazarda tutgan sotsiologik P.ning predmeti formal maktab tushunchasidagi P. predmetiga, asosan, mos keladi. Bahslashuvchi tomonlar qarashlaridagi bu mushtaraklik oʻtgan asrning 20-yillaridayoq P. adabiyotshunoslikning oʻz predmeti, vazifalariga ega boʻlgan maxsus tarmogʻi sifatida keng eʼtirof etila boshlanganini koʻrsatadi. XX asr oʻrtalariga kelib P.ni adabiyot nazariyasining tarkibiy qismi sifatida tushunish toʻla qaror topdi, deyish mumkin. Ayni shunday talqin, odatda, koʻpchilik tomonidan eʼtirof etilgan qarashlarni aks ettiradigan ensiklopedik lugʻatlar, oʻquv adabiyotlaridan joy olgani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Jumladan, V.M.Jirmunskiy oʻquv qoʻllanmasida: “Soʻz sanʼatining umumfalsafiy, estetik asoslarini adabiyot nazariyasi oʻrganadi. P. esa adabiyot nazariyasining asosiy xulosalariga tayangan holda poeziya foydalanadigan ifoda vositalari sistemasini oʻrganadi”, – deb yozdi, adabiyot nazariyasi va P.ning vazifalar doirasini aniq chegaralab, ularning bir-biriga bogʻliqligini taʼkidladi. Oʻtgan asr oʻrtalarida chop etilgan 6 jildlik “Qisqacha adabiyot ensiklopediyasi”da esa P.ga “adabiy asarlarning qurilishi va ularda foydalaniladigan estetik vositalar sistemasi haqidagi fan”, deya taʼrif berilgan.

Tadqiq obyektini qaysi jihatdan oʻrganishi, masalalari doirasi, oʻz oldiga qoʻygan maqsadi va shularga mos ilmiy yondashuvidan kelib chiqqan holda, P. doirasida umumiy (yoki nazariy) P., xususiy P. va tarixiy P. sohalari farqlanadi. Umumiy P., koʻpincha, nazariy P., baʼzan esa “makropoetika” deb ham yuritiladi. Umumiy P. asarning ichki qurilishi (fonika, ritmika, strofika, stilistika, obrazlar tizimi, syujet-kompozitsiya sathlari) bilan bogʻliq umumiy qonuniyatlarni ochish, badiiy vositalar va usullar tizimini ishlab chiqishni maqsad qiladi. Nazariy P.dan farqli oʻlaroq, xususiy P. xuddi shu ishni konkret asar doirasida amalga oshiradi, oʻsha asarning badiiy oʻziga xosligini ochib berish, tavsiflash maqsadini koʻzlaydi. Tarixiy P. esa alohida badiiy usul va vositalarning tarixiy tadrijini qiyosiy va tipologik aspektlarda oʻrganadi. Taʼkidlash joizki, adabiyotshunoslikda tez-tez uchraydigan “romantizm P.si”, “Chexov P.si”, “struktural P.” kabi birikmalar maʼnosi ham bevosita atamaning asosiy maʼnosidan oʻsib chiqadi. Mas., “romantizm P.si” deyilganda, romantizm yoʻnalishiga mansub asarlarning qurilishiga xos umumiy xususiyatlar, badiy usul va vositalar tizimi nazarda tutiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish