← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Poststrukturalizm

Poststrukturalizm (fr. poststructuralisme – strukturalizmdan keyingi) – ijtimoiy-gumanitar bilim sohalarida oʻtgan asrning 70-yillaridan boshlab shakllangan ilmiy yondashuvlarning umumiy nomi. P. strukturalizm bagʻrida yetishgan, uning davomi va qisman ziddi sifatida maydonga chiqqan boʻlib, baʼzan neostrukturalizm deb ham yuritiladi. P. uchun dasturiy sanaluvchi ayrim asarlar (mas., J.Derrida. “Grammatologiya haqida”) 60-yillarning oxiridayoq chop etilgan boʻlsa ham, 70-yillarda unga strukturalizmning bir qanoti deb qaralgan, 80-yillardan boshlab konseptual mustaqillikka erishgan. P.ning vatani – Fransiya, uning yirik namoyandalari sifatida J.Derrida, K.Kastoriadis, J.-F.Liotar, J.Delez, Yu.Kristeva singari olimlar eʼtirof etiladi; AQShdagi “dekonstruksiya” yoʻnalishidagi adabiyotshunoslar (X.Blum, D.Miller, P.de Man va b.) ham P.ga mansub etiladi. Mutaxassislar fransuz strukturalizmining yirik namoyandasi R.Bart faoliyatining soʻnggi bosqichida P. mavqeida turganini taʼkidlaydilarki, bu ham strukturalizm va P. orasidagi genetik aloqani yaqqol namoyon etadi. Strukturalizm kabi P. ham madaniyatga lisoniy faoliyat, matn deb qaraydi, lekin ularning matnga munosabati keskin farqlanadi. Agar strukturalizm matnga immanent holda yondashib, uning ichki qurilishini oʻrganish bilan cheklansa, P. asosiy eʼtiborni matnning ortidagi kontekstga qaratadi. Strukturalizm matnga turgʻun hodisa sifatida qarab, uning unsurlarini ajratish va tasniflash orqali universal qonuniyatlarni ochishga intilsa, P. matnni harakatdagi va oʻzgaruvchan hodisa deb biladi, bu bilan strukturalistlar intilgan “universal struktura” – “matritsa”ni topib borish mumkinligini inkor qiladi. Yaʼni strukturalistlar matnlararo oʻxshashliklarni matn qurilishining universal qonuniyatlari natijasi deb bilsa, P. ularni matnlarning oʻzaro aloqasi (intertekstuallik) natijasi deb hisoblaydi. Kontekstga eʼtibor qaratishi bilan P. germenevtikaga yaqinlashadi, lekin matnni tushunish masalasida undan farqlidir. P.ga koʻra, matnni tushunish “dekonstruksiya” orqali amalga oshadi: avvaliga matn elementar uzvlarga ajratiladi (“destruksiya”), keyin qayta yigʻiladi (“rekonstruksiya”) va shu asno matnga ijod onlari kontekstida muallif ixtiyoridan tashqari, anglanmagan tarzda yoki oʻzi yashirishni xohlaganiga zid oʻlaroq kirib qolgan maʼnolarni ochishga intiladi. Yaʼni P. matnda kontekst qoldirgan “iz”larni qidiradiki, bu izlar gʻayrishuuriy (ongsizlik) tarzda aks etgani uchun ularni intuitiv tarzdagina farqlash mumkin. Yana bir jihati, P.ga koʻra, konkret matnda faqat ijod onlari kontekstininggina emas, balki unga qadar mavjud boʻlgan boshqa matnlar “iz”i bor, aniqrogʻi, matn oʻsha izlarning yigʻindisi (“tekst – qoʻshtirnoqsiz sitata”. R.Bart), matnlararo oʻxshashliklar (gʻoya, motiv, obraz) esa intertekstual oʻyin, turli allyuziyalar, anglangan yoki anglanmagan sitatsiyalar natijasidir. Shunga koʻra, ijodkor voqelikka emas, balki oʻzigacha mavjud boʻlgan matnlarga taqlid qiladi. Bu qarash esa ijodda individuallik rolini pasaytirish (avtor oʻlimi), asardagi obrazlarning voqelik bilan aloqasini inkor etishga (yaʼni belgi voqelikka ishora qilmaydi, u oʻzinigina ifodalaydi) olib keladi. Modomiki, matn “iz”lar yigʻindisi ekan, talqin ham matndan tashqarida qoladigan narsalarni tushunishdir, demak, tushunish natija emas, balki jarayondir. Ayni chogʻda, P. uchun muhimi tushunish emas, balki matn konstruksiyasi, uning qanday yasalgani, matn yaratish texnologiyasini oʻrganish boʻlib qoladi.

P.ning asoschilari, ayni chogʻda, postmodernizm klassiklari ham sanaladi. Xuddi postmodernizm kabi, P. ham hozirda faoliyatda boʻlgan, demak, oʻzgarib, shakllanib, takomillashib borayotgan gʻoyat serqirra hodisadir. Shu maʼnoda, yuqoridagilarni uning ayrim jihatlarigina deb tushunish, u haqda toʻla maʼlumot olish uchun koʻplab maxsus adabiyotlarni oʻrganish lozim.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish