← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Postmodernizm

Postmodernizm (fr. postmodernisme – modernizmdan keyingi) – oʻtgan asrning ikkinchi yarmidan boshlab adabiyot va sanʼatda, umuman, ijtimoiy-gumanitar sohalarda kuzatila boshlagan oqim, ijodiy metod. Fransuz poststrukturalizmining dekonstruksiya (J.Derrida), postfreydizmning “shizoanaliz” va “ongsizlik tili” (Lakan, J.Delyoz, F.Gattari) taʼlimotlari hamda semiotikadagi kinoyaviylik konsepsiyasi (U.Eko) P.ning falsafiy asosini tashkil qiladi. P.ning yuzaga kelish vaqti, oʻziga xosligi masalasida turlicha fikrlar mavjud. Ayrim mutaxassislar P. 40-yillarda, J.Joysning “Finnegan maʼrakasi” (1939) asari bilan boshlangan desa, boshqalari oʻtgan asrning oʻrtalarini, yana bir xillari 70 – 80-yillarini koʻrsatadilar. Holbuki, P. termini ancha avval paydo boʻlgan: ilk bor P.Vinnitsning “Yevropa madaniyati inqirozi”(1917) asarida ishlatilgan boʻlsa, Toynbining “Tarixni oʻrganish”(1947) asarida termin kulturologik maʼnoda, jahon madaniyatida yevropotsentrizmning barham topishi maʼnosida qoʻllanadi. Adabiyotshunoslikda ham P. termini XX asrning 20-yillardanoq ishlatilgan boʻlib, u adabiy jarayondagi modernizmga aks taʼsir hodisalarini, 60 – 70-yillar amerika adabiy tanqidchiligida esa ultramodernistik ijodiy tajribalarni anglatgan. Terminning keng ommalashishi Ch.Jenks nomi bilan bogʻliq: u oʻzining “Postmodernistik meʼmorlik tili”(1977) asarida P.ni neoavangardga xos ekstremizm va nigilizmdan chekinish, qisman anʼanalarga qaytish maʼnosida qoʻllaydi. Aslida, P. terminiga turli vaqtlarda berilgan taʼriflarning har biri oʻzida hodisaning bir qirrasini mujassam etadiki, bu maʼno oʻzgarishlari, maʼlum darajada, P.ning shakllanish jarayonini aks ettiradi. Avvalo shuni qayd etish lozimki, modernizm bilan P. munosabati masalasida ham fikrlar turlicha: P.ga modernizm taraqqiyotidagi bir bosqich sifatida qarash ham, uni modernizmga aks taʼsir sifatida maydonga chiqqan yangi hodisa deb bilish ham, eskirgan badiiy shakllardan yangilariga oʻtish davri hodisasi deb hisoblash ham bor. Shunga qaramay, oʻtgan asrning soʻnggi choragidan P.ning modernizmdan jiddiy farqlanuvchi hodisa ekanligi tobora oshkor koʻzga tashlanib, tabiiyki, u haqdagi shunga mos qarashlar ham ustuvorlik kasb etib bordi. Hozirgi adabiyotshunoslikda bu ikki hodisaning jiddiy farqlanishi eʼtirof etiladiki, farqlardan ayrimlarini koʻrsatib oʻtish maqsadga muvofiq:

ModernizmPostmodernizm
Yangi adabiyot va sanʼatni yaratish daʼvosi, anʼanalarni inkor qilishAnʼanalarni oʻziga singdirish va ularga kinoyaviy munosabatda boʻlish
Olamni xaos deb bilish, undan qochishXaos deb bilingan olamni qabul qilish, uni oʻyin tariqasida oʻzlashtirish
Goʻzallikni reallikdan tashqaridan izlashGoʻzallikni reallikdan izlash
Antropotsentrik gumanizm: insonga muhabbatUniversal gumanizm, uning obyekti jami tirik mavjudot, tabiat, koinot – butun OLAM
Madaniyatda yevropotsentrizm, Yevropa xalqlari madaniyatini umumbashariy madaniyat asosi deb bilishSharq, Lotin Amerikasi, Afrika, Okeaniya xalqlari madaniyatiga kuchli qiziqish, barcha madaniyatlarni qimmat jihatidan teng bilish
Elitar sanʼatElitar va ommaviy sanʼat orasida chegaraning yoʻqolishi, asarda elita va ommaga moʻljallangan qatlamlar mavjud boʻlishi – ikkiyoqlama kodlashtirish
Semantika, mazmun muhimRitorika, mazmunni yetkazish shakli muhim
Janrlar, ular orasida aniq chegaralar mavjudJanrlar mutatsiyasi
Ijodiy jarayonning natijasi – tugal asar muhimIjodiy jarayonning oʻzi muhim
Ijodni individual hodisa deb bilish, ijodkor faolligini va uning mazmunni shakllantiruvchi markaz ekanini eʼtirof etishIjodda individ rolini inkor qilish, “muallif oʻlimi” konsepsiyasi
va boshqalar

P. nazariyotchilariga koʻra, “P. asri” hisoblanmish 70 – 80-yillardan olam manzarasi tamom oʻzgargan, avvalgilardan farqli shart-sharoitlar yuzaga kelgan. Jumladan, elektron axborot vositalari, xususan, televideniye va Internet tarmogʻining rivojlanishi madaniyatlarning ajib qorishuviga olib keldiki, turmush tarzi va madaniyatdagi eklektiklik sanʼat va adabiyotda ham shunga mos eklektiklikni keltirib chiqaradi. Xususan, adabiyot va sanʼatda yevropotsentrizm, etnotsentrizmning yemirilishi, turli sanʼat “til”larining qorishib ketishi ayni shu hol natijasi deb qaraladi. Mazkur holning yana bir omili sifatida ommaviy didsizlashish koʻrsatiladi. Yaʼni badiiy did oʻtmaslashgan, badiiy asar qimmati uning qancha foyda keltirgani bilan oʻlchanadigan sharoit adabiyot va sanʼatdagi turli, hatto bir-biriga zid tamoyilu uslublarning qorishuviga izn beradi. Bu esa anʼanaviy badiiyat mezonlarini yemiradi, haqiqiy sanʼat bilan ommaviy sanʼat orasidagi farqni yoʻqotib, sanʼatning dizaynlashuviga olib keladiki, bunday sanʼatning oʻzi badiiy didni oʻtmaslashtiradi. P. nazariyotchilari nafaqat realizm, balki umuman anʼanaviy sanʼat olamni tushunish va tushuntirishga intilgan, shu maqsadga qaratilgan “metarivoyatlar”ni yaratgan deb biladilar. Bundan farqli oʻlaroq, P. olamni tushuntirish, u haqda yaxlit tasavvur hosil qilish, insonning olam va undagi oʻz oʻrnini anglashga qaratilgan har qanday harakatni bekor hisoblaydi va “metarivoyatlar” oʻrniga “kichik hikoyatlar”ni, yaʼni olam haqida umumiy emas, balki fragmentlar tarzidagi uzuq-yuluq “rivoya”ni taqdim etadi. Zero, P.ga koʻra, olamning mavjud qiyofatida faqat fragmentlargagina ishonish mumkin. Ayrim mutaxassislar ayni shu jihatni P.ni modernizmdan farqlovchi muhim xususiyat sifatida koʻrsatishadi. Ularning fikricha, voqelikni badiiy idrok etish mumkinligini inkor qilgani holda, modernizm uning badiiy modelini yaratadiki, haqiqatda bu model anʼanaviy sanʼat yaratuvchi “metarivoyat”ning muqobilidir. Yaʼni modernist sanʼatkor baribir oʻzi anglagan haqiqatni ifoda etishga intiladi, demak, uning asari muayyan ijodiy niyat asosida shakllantirilgan konsepsiyadir. Aksincha, P. uchun badiiy asar ijodiy niyat ijrosining natijasi, yaʼni oldindan belgilangan niyat asosidagi ijodiy jarayon mahsuli emas, balki uning oʻzi jarayondir. Natijada mazmun endi asardan tashqaridagi voqelik bilan bogʻliq “obyektiv mif” emas, balki parokanda olamda ihotalanib yashayotgan individning shaxsiy taassurotlarigina boʻlib qoladi. Shu tariqa P. anʼanaviy madaniyat asosida yotuvchi “logotsentrizm”ni inkor qiladi. Modomiki, asosda maʼni (logos) turmas ekan, demak, uni shakllantirayotgan subyekt – muallifning faol mazmunni shakllantiruvchilik roli ham ahamiyatini yoʻqotadi. P.ga koʻra, mualliflik masalasining aktuallashuvi yangi davr – XVIII asrdan boshlangan boʻlib, bu shaxs maqomining oʻzgarishi, ratsionalizmga xos inson dunyoni oʻzgartira oladi degan ishonch natijasi edi. Endilikda, bu ishonchga putur yetgan bir sharoitda, betartib va parokanda olamda inson oʻz oʻrnini yoʻqotgani kabi, adabiyotda subyektning roli ham yoʻqolishi muqarrardir. Bunday qarash, birinchidan, “muallif oʻlimi” konsepsiyasini keltirib chiqaradi, ikkinchidan, ijodni shaxsning maqsadli yoʻnaltirilgan yaratuvchilik faoliyati emas, mohiyatan kollektiv ijod boʻlgan “intertekstual oʻyin” sifatida tushunishga olib keladi.

P. oʻta murakkab, serqirra va ziddiyatli, muhimi, faol harakatdagi hodisadirki, u haqdagi mavjud fikrlar toʻliqlik va tugallik daʼvosini qilolmaydi. Yuqoridagilar P. haqida mutaxassislar bildirgan turlicha fikrlarni umumlashtirib, muxtasar ifodalashga bir urinish xolos. Hozirgi oʻzbek adabiyotida P.ga xos ayrim belgilar (mas., kinoyaviy modus, intertekstual oʻyin) modernizmga xos xususiyatlar bilan qorishiq holda zuhur qilayotgani ham bor gap. Biroq oʻzbek adabiyotshunosligida xali bu masalani tadqiq etish deyarli boshlanmadi, uni atroflicha oʻrganish hanuz ertaning vazifasi boʻlib qolmoqda.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish