← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Portret

Portret (fr. portraire – tasvirlamoq) – 1) personajning soʻz vositasida tasvirlangan tashqi koʻrinishi (qiyofasi, jussasi, kiyimi, yuz-koʻz ifodalari, tana holati va harakatlari, qiliqlari), oʻquvchi tasavvurida jonlanadigan toʻlaqonli inson obrazini yaratish va uning xarakterini ochish vositalaridan biri. P. epik asarning kompozitsion unsuri boʻlmish tavsifning bir koʻrinishidir. Shartli ravishda statik va dinamik P. turlari farqlanadi. Statik deyilishiga sabab shuki, P.ning bu navida personajning tashqi qiyofasi syujet voqeasi toʻxtatilgan holda ancha mufassal, detallashtirib chiziladi. Odatda, bunday P.lar personaj asar voqeligiga ilk bor kirib kelgan pallada (mas., “Kecha”dagi Razzoq soʻfi P.i) beriladi. Dinamik P. deganda esa mufassal tasvir emas, balki voqea va dialoglar tasvirida, yaʼni harakat davomida berib boriluvchi personaj tashqi koʻrinishiga xos ayrim detallar nazarda tutiladi. Bunday P. detallari (yuz-koʻz ifodalari, tana holati va harakati, qiliqlari) koʻproq remarkalardan joy oladi va personajning ayni paytdagi ruhiy holatini ifodalashga xizmat qiladi. Adabiy asar muallifi personaj P.ini mufassal chizishi (A.Qodiriy yaratgan Kumush, Raʼno P.lari) yoki uning qiyofasiga xos ayrim detallarni berish bilan kifoyalanishi mumkin. Chunki P. – vosita, demak, uning qanday boʻlishi muallif badiiy niyati, uning oʻziga xos tasvir uslubi, personajning asarda tutgan mavqei kabi qator omillar bilan bogʻliqdir. Mas., Choʻlpon sevimli qahramoni Zebi P.ini chizmagan, u personajning siyratini chizadi, xatti-harakatlarini jonli tasvirlaydi, gap-soʻzlaridagi jonli ohangni ifodalashga intiladi, xullas, har bir oʻquvchining oʻz Zebisini tasavvur etib olishiga imkon yaratadi. Natijada qahramon qiyofasini chizmaslikning oʻzi oʻziga xos badiiy usulga aylanadiki, uning yordamida adib oʻquvchini qahramoniga “yaqinlashtiradi”. Demak, P.ning qanday va qay darajada chizilishi belgili emas, bunda asosiy mezon – P. (yoki P. detallari)ning inson obrazini oʻquvchi tasavvur eta oladigan darajada toʻlaqonli yaratish uchun yetarli boʻlishidir; 2) biron bir shaxs hayoti va faoliyatini atroflicha yorituvchi hujjatli yoki memuar ocherk tipidagi asarlar ham analogiya asosida baʼzan P. deb ataladi (mas., Ajoyib kishilar hayoti nashr turkumidagi asarlar). Shuningdek, tanqidchilikda keng tarqalgan yozuvchi hayoti va ijodini yorituvchi adabiy tanqidiy asarlar janri adabiy portret deb belgilanib, muomala amaliyotida, koʻpincha, P. deb yuritiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish