← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Polifoniya

Polifoniya (yun. polys – koʻp, phone – ovoz) – musiqashunoslikdan oʻzlashgan termin, M.Baxtinning “Dostoyevskiy ijodi muammolari” (1929) asarida ilk bor adabiyotga tatbiqan ishlatilgan. Mazkur asarida olim F.Dostoyevskiy romanning yangi tipi – “polifonik roman” yaratganini asoslab berdi. M.Baxtinga koʻra, Dostoyevskiyga qadar yaratilgan romanlarda mallif ongi ustuvor boʻlib, qolgan hamma narsa, jumladan, qahramon shunga toʻla boʻysundirilgan. Olim buni “romanning monologik tipi”, deb ataydi va, undan farqli ravishda, polifonik romanning asosiy belgisi sifatida muallifning qahramonlarga nisbatan dialogik mavqeda turishi, yaʼni ularning har biri olam haqidagi oʻz nuqtai nazariga egaligi va bu nuqtai nazarlarning har biri mustaqil holda (muallif nuqtai nazari bilan parallel tarzda, unga boʻysundirilmagan holda) yashashini koʻrsatadi. Shundan kelib chiqib, M.Baxtin polifonik roman gʻoyasi individual ongda emas, onglar dialogida yashaydi, ikki yoki undan ortiq ongning dialogida voqe boʻladi, deb hisoblaydi. Yaʼni polifonik romandagi gʻoyalar interindividual, intersubyektiv xarakterga egadir. Monologik tipdagi romandan farqli ravishda, gʻoyaning muallif ongiga boʻysundirilmaganidan polifonik roman problematikasining oʻziga xosligi kelib chiqadi: unda inson mavjudligi bilan bogʻliq uzil-kesil hal qilib boʻlmaydigan muammolar, inson hayotidagi tasvirlanayotgan vaqtda hali tugallanmagan (davom etayotgan) holat va manzaralar aks etadi. M.Baxtin roman misolida koʻrsatib bergan P.ni faqat roman doirasi bilan cheklab boʻlmaydi, zero, olim roman misolida XIX asr oxirlaridan badiiy tafakkurda sodir boʻlgan oʻzgarishlarni ochib bergan ediki, shu maʼnoda P.ni badiiy tafakkurning yangi sifat koʻrinishi deb tushunish lozim. Ayni chogʻda, badiiy tafakkurning bu shakli monologik tafakkurni inkor qilmaydi, yaʼni bu ikkisi badiiy ijod amaliyotida yonma-yon yashayveradi.

Polifonizm XX asr falsafiy-estetik tafakkuriga jiddiy taʼsir koʻrsatish bilan birga, adabiyotshunoslikda turlicha talqinlar, terminni turli maʼnolarda qoʻllashlarni ham keltirib chiqardi. Jumladan, oʻzbek adabiyotshunosligida baʼzan konkret romanni polifonik deyish uchun M.Baxtin Dostoyevskiy romanlari misolida koʻrsatgan barcha xususiyatlarni izlab topishga intilish kuzatiladi. Holbuki, M.Baxtin asarlari 80 yillar muqaddam yozilgan, polifonik roman haqidagi taʼlimoti esa qariyb 130 – 140 yillar muqaddam yaratilgan asarlar asosida ishlab chiqilgan. Demak, polifonik roman aynan M.Baxtin aytgan barcha xususiyatlarni oʻzida namoyon etishi lozim, degan daʼvo oʻrinsiz, sababi, orada oʻtgan vaqt ichida polifonizm badiiy tafakkurda oʻzlashib boʻlgan, baski, endi u oʻzini oʻzgacharoq shakllarda namoyon qila oladi. Yaʼni monologik roman (tezis)ga zid oʻlaroq paydo boʻlgan polifonik roman (antitezis) keyinchalik ularning har ikkisiga xos jihatlarni oʻziga singdirishi (sintez), sintezlashish yoʻlidan borishi tabiiy. Shu bois ham polifonik badiiy tafakkur hozirda nafaqat roman, balki qissa, hikoya kabi epik, shuningdek, dramatik va hatto ayrim lirik asarlarda ham kuzatilishi mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish