← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Prolog

Prolog (yun. pro – oldidagi, logos – soʻz) – adabiy asarning kirish qismi, muqaddima. P.lar mazmun mundarijasiga koʻra turlicha boʻladi: asarning yozilish sababini izohlash, asosiy mazmunini muxtasar bayon etish, asar vaqtigacha yuz bergan voqealarning qisqa bayoni va h. Shunga koʻra, P.lar turli badiiy-estetik maqsadlarga xizmat qiladi: oʻquvchini asar voqeligiga olib kirish, tasvirlanajak voqealarning yuz berish omillari haqida umumiy tasavvur berish, muayyan emotsional-hissiy holat hosil qilish va h. Har qanday muqaddima emas, faqat badiiy muqaddimagina P. sanalishi mumkin. Yaʼni P. sanalishi uchun muqaddima badiiy matnning uzviy qismi boʻlib qolishi zarur, asosiy matndan yaqqol ajralib (oʻzaro asosiy matn – yondosh matn munosabatidagi) turgan soʻz boshilarni P. sanash toʻgʻri emas. Mas., “Oʻtgan kunlar”ning “Yozuvchidan” deb nomlangan kirish qismi asosiy matnning uzviy qismi boʻlmay, balki yondosh matndir. Choʻlponning “Kecha” romani boshlanishidagi moʻʼjazgina bahor tasviri esa matnning uzviy boʻlagi. Shu maʼnoda, “Oʻtgan kunlar”da muallif ijodiy niyatlari izhor etilgan alohida soʻz boshi, “Kecha”da esa oʻquvchini tasvirlanajak voqealarni qabul qilishga emotsional jihatdan tayyorlashga qaratilgan lirik xarakterdagi P. mavjuddir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish