← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Prototip

Prototip (yun. prototypon – obraz asosi) – adabiy asardagi obrazning yaratilishiga asos boʻlgan real shaxs. P. badiiy obraz uchun material boʻlib, uning yozuvchi badiiy niyatiga muvofiq qayta ishlanishi asosida badiiy personaj – badiiy obraz yaratiladi. Yaʼni badiiy personaj hech vaqt P.ning aynan oʻzi emas, balki uning yozuvchi ijodiy tafakkuri mahsuli oʻlaroq dunyoga kelgan “badiiy egizagi”dir: ular orasida oʻxshashlik bor, aynan moslik emas. Shuning uchun ham hujjatli asarlardagi personajlardan farqli ravishda, badiiy asarlardagi P. asosida yaratilgan personajlar, koʻproq, oʻzga nom bilan harakatlantiriladi. Mas., “Oy va sariq chaqa” (S.Moem) romanidagi Charlz Striklend obrazining P.i mashhur rassom Pol Gogen boʻlsa, “Qaldirgʻoch” (T.Malik) qissasidagi Asadulla Miraʼlam obrazining P.i ulugʻ maʼrifatparvar Abdulla Avloniydir. Zamonaviy mavzularda yozilgan asarlarda harakatlanuvchi personajlar oʻquvchiga u yoki bu real shaxsni eslatadi, oʻsha real shaxs qanchalik mashhur boʻlsa, personajda uni tanib oluvchilar doirasi shunchalik keng boʻladi. Mas., oʻtgan asrning 80-yillari oxirlari – 90-yillari boshlarida M.M.Doʻstning “Lolazor” romanidagi Oshno, Nazar Yaxshiboyev, Katta paxtakor, Qurbonoy yoki S.Ahmadning “Jimjitlik” romanidagi Mirvali obrazlarining P.larini aksariyat oʻquvchilar tanib olganlar. Umuman, keng maʼnoda qaralsa, obrazning materiali voqelik ekan, har qanday obrazning ham hayotda maʼlum asosi, yaʼni yozuvchi hayotida duch kelgan, kuzatgan, muloqotda boʻlgan shaxslar borligi, oʻsha shaxslarning maʼlum jihatlari obrazda aks etishi tabiiydir. Biroq P. haqida, odatda, u bilan obraz orasidagi oʻxshashliklar yaqqol sezilsa yoki P. yozuvchi ijodiy laboratoriyasini oʻrganishda ahamiyatli boʻlsagina gapiriladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish