← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Psixologik maktab

Psixologik maktab – XIX asrning oxirgi choragida Yevropa va rus adabiyotshunosligida maydonga kelgan ilmiy yoʻnalish. P.m. madaniy-tarixiy maktab va biografik metod qarashlarini qayta idrok etib, ularni rivojlantirish asosida shakllangan. Xuddi madaniy-tarixiy maktab kabi, P.m. ijodkor shaxsning shakllanishida oila, ijtimoiy muhit, davr singari omillarning muhimligini eʼtirof etadi, biografik metod kabi badiiy asarda ijodkor shaxsi aks etadi deb biladi. P.m. mazkur qarashlarni birlashtiradi, yaʼni bu omillarning bari ijodkor ruhiyati orqali namoyon boʻladi deb hisoblaydi va shundan kelib chiqib, ijodkor ruhiy biografiyasi, badiiy ijodning ruhiy tomonlarini oʻrganishni diqqat markaziga qoʻyadi. P.m.ga koʻra, badiiy obraz inson koʻnglida dunyo bilan aloqa taʼsirida paydo boʻlgan kechinmalarning tashqariga chiqishi, moddiylashuvi natijasidir. Ijodkor, avvalo, oʻzi uchun yozadi: u asarda oʻzini qiynayotgan dardlar, oʻy-hislarni ifodalaydi va shu orqali ulardan forigʻ boʻladi, asar ijodkor qalbi modelidan oʻzga narsa emas. Shunga asosan, P.m. konkret asarga xos jami xususiyatlar ildizini ijodkor shaxsiyati, uning ruhiy oʻziga xosligidan qidiradi, asarlar bir-biridan farqli boʻlishining sababini esa turli kechinmalar va turli ijodkor psixologik tiplari mavjudligi bilan izohlaydi. Yaʼni asarning qanday boʻlishi koʻp jihatdan ijodkor psixologik tipi bilan bogʻliq. Mas., D.N.Ovsyaniko-Kulikovskiyga koʻra, obyektiv ijodkor tabiatan oʻziga yot boʻlgan qahramonlarni, subyektiv ijodkor esa oʻziga ruhan yaqin boʻlgan qahramonlarni tasvirlaydi; egotsentrik boʻlmagan ijodkor (mas., Pushkin, Chexov) hayotni kuzatish orqali oʻz xulosalarini xotirjam ifoda etishga, egotsentrik ijodkor (mas., Gogol, Dostoyevskiy) esa voqelik ustida turli tajribalar oʻtkazishga moyil boʻladi va sh.k. Albatta, ijodkor tiplarini bu tarzda farqlashni ham, asarga xos ayrim xususiyatlarni tushuntirishda ularning ahamiyatini ham inkor etib boʻlmaydi, biroq P.m.ning qarashlarida bularni mutlaqlashtirish kuzatiladi va oqibatda adabiyot (badiiy tafakkur) taraqqiyoti qonuniyatlari, uning ijtimoiy hayot bilan bogʻliqligi deyarli chetga surilib qoladi. Mutlaqlashtirish badiiy asar mazmuni masalasida ham yaqqol koʻzga tashlanadi, bunda ham subyektiv ibtido ustuvorlik kasb etadi. P.m. badiiy mazmunni oniy hodisa hisoblaydi, yaʼni badiiy asar mazmuni oʻquvchi ongida shakllanadi, har bir oʻquvchi oʻzining betakror hayotiy tajribasidan kelib chiqqan holda mazmunni shakllantiradi. Bunday qarash adabiyotshunoslik masalalarini falsafiy asosda, til va lisoniy muloqot qonuniyatlaridan kelib chiqqan holda tushuntirgan A.Potebnya fikrlariga asoslanadi. A.Potebnyaga koʻra, lisoniy muloqotda fikr emas, balki fikrning modeligina (“tashqi shakl”) yetkaziladi: tinglovchi uni “ichki shakl” (tashqi shakl ongda uygʻotgan tasavvur) bilan bogʻlagan holda fikrni (mazmunni) anglaydi. Yaʼni soʻzlovchi fikrni bevosita yetkazayotgani yoʻq, uni modelga tayangan holda tinglovchining oʻzi qayta hosil qilmoqda. Olimning fikricha, adabiy asarning oʻqilishida ham xuddi shu qonuniyat amal qiladi. Tabiiyki, bunday yondashuv dialogiklik qonuniyatiga zid boʻlib, adabiyot mohiyatini toraytirishga olib keladi. Jumladan, A.Potebnya sanʼatkorning vazifasi asarni yaratayotgan vaqti unga muayyan mazmun minimumini yuklash emas, balki obrazni oʻquvchi ongida turli mazmunlarni shakllantirishga asos boʻla oladigan darajada serqirra qilib yaratishdan iborat deb hisoblaydi.

P.m.ning alohida ilmiy maktab, yoʻnalish sifatidagi faoliyati XX asr boshlarida barham topib, uning oʻrnini intuitivizm va psixoanaliz egalladi. Shunga qaramay, P.m. adabiyotshunoslik rivojida sezilarli iz qoldirdi, unga xos tahlil tamoyillari qator ilmiy muammolarni yangicha yoritishga imkoniyat yaratdi va bu bilan soʻz sanʼatini ilmiy bilish doirasini kengaytirdi. Hozirgi adabiyotshunoslikdagi koʻplab yoʻnalishlar P.m. ishlab chiqqan tahlil usullarini ijodiy oʻzlashtirib, ulardan oʻz adabiy-estetik sistemalari doirasida samarali foydalanmoqda.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish