← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Prozaizm

Prozaizm – badiiy matn tarkibida begona, oʻrinsiz koʻrinadigan soʻz, soʻz shakllari, sintaktik birliklar P.lar deb yuritiladi. Adabiyotda anʼanalar, xususan, badiiy til anʼanaviyligi kuchli boʻlgan davrlarda badiiy matnga odatiy muloqotga xos nutq birliklarining kiritilishiga jiddiy kamchilik deb qaralgan. Bunday munosabat nasr badiiy nutqning nazm bilan teng huquqli shakli sifatida kechroq (Gʻarbda XVIII asrdan keyin) tan olingani, poeziya bilan proza bir-biriga keskin qarshi qoʻyilgani bilan izohlanadi. Oʻzbek sheʼriyatiga badiiy til anʼanalariga xilof soʻz va sintaktik konstruksiyalar – P.larning koʻplab kirib kelishi XX asr boshlariga toʻgʻri keladi va bu hol adabiyotning tematik doirasi kengaygani, uning hayotga yaqinlashuvi bilan izohlanadi. Mas.:

Nonvoyda yoʻqdur insof, andin oʻtadur allof,

Koʻr, chaksa un xamiri qirq ikki non boʻlubdur.

Alhol muhtasib yoʻq, bir-ikki qilsa ul doʻq

Ichkuga xalq rogʻib, doim fiyon boʻlubdur.

Koʻb qozixonalarda ushbu zamonalarda

Ishdin zakunchilar koʻb, emdi yamon boʻlubdur.

Yoki:

Bir kunda oʻn desyat yer haydab qilurga tayyor,

Gar haydar ersa bir bor, obod etib traktur.

Yana:

Bir necha yillar ichinda shahrimiz jannat boʻlar,

Bul tariqa boshchilar qilsa tashabbuslar agar.

Ibrat gʻazallaridan keltirilgan bu parchalarda faqat oʻz davri uchun yangi soʻzlarning kiritilishi emas, ifodaning oʻzi ham P.lar sanalishi mumkinki, ular oddiy gaplar vaznga solib aytilgandek taassurot qoldiradi. Adabiyotda realistik tendensiyalarning kuchayib borishi barobaridadadada P.larga munosabat ham yumshadiki, bu soʻz estetik qimmatining qayta koʻrib chiqilishi bilan bogʻliq. Ayni chogʻda, bu badiiy til anʼanalarini toʻla inkor qilish degani emas, yaʼni badiiy tilni, ayniqsa, sheʼriy nutqni soʻzlashuv tiliga yaqinlashtirishda muayyan meyorni saqlash zarur.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish