← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Qahramon

Qahramon, adabiy qahramon – 1) asar personajlari tizimida yetakchi mavqe tutib, gʻoyaviy-badiiy konsepsiyani shakllantirish va ifodalashda muhim rol oʻynovchi shaxs obrazi. Terminni bu maʼnoda tushunish epik yoki dramatik asar personajlarini darajalashni koʻzda tutadi: syujet voqealari Q. atrofida uyushtirilib, boshqa personajlar u bilan bogʻliq holda asar voqeligiga kiritiladi; ular Q. bilan integrativ aloqada (hokim-tobe) boʻlib, unga nisbatan yordamchi funksiyalarni bajaradi. Koʻp chiziqli murakkab syujet qurilishiga ega yirik hajmli asarlarda bir emas, bir nechta Q. harakatlanishi ham mumkin. Bu holda personajlar sistemasi oʻz ichida mikrosistemalarga ajralib, ularning markazida Q.lardan biri turadi. Mas., “Kecha” romanining boshlanishida shunday mikrosistemalar ikkita: birining markazida Zebi, ikkinchisining markazida Akbarali turadi. Voqealar rivoji davomida Zebi mikrosistemasi yemirilib, uning oʻzi Akbarali mikrosistemasining elementiga aylanadi, Miryoqub va Razzoq soʻfilar esa yangi mikrosistemani tashkil qiladi. Bundan ayon boʻladiki, “Kecha”da toʻrtta Q. bor: Zebi, Akbarali, Miryoqub va Razzoq soʻfi. Oʻz navbatida, bu Q.lar ham asar syujet-kompozitsion qurilishidagi oʻrni va muallif konsepsiyasini ifodalashdagi ahamiyati nuqtai nazaridan darajalanishi, bosh va ikkinchi darajali Q.larga ajratilishi mumkin: romanning syujet-kompozitsion qurilishi nuqtai nazaridan Zebi bosh Q. boʻlsa, badiiy konsepsiyasini butlash va ifodalashdagi roli nuqtai nazaridan Miryoqub bosh Q.dir. Kichik hajmli epik asarlarda (hikoya va aksariyat qissalarda), odatda, bitta Q. harakatlanadi. Biroq bunga qatʼiy qoida deb qaramaslik kerak, undan chekinilgan holatlar ham koʻplab uchraydi. Mas., tasvirlanayotgan hayotiy holatning oʻzi yetakchi estetik ahamiyat kasb etgan “Anor” (A.Qahhor) hikoyasida Turobjon ham, uning xotini ham birdek Q. sanalishlari mumkin.

Q. faqat estetik kategoriyagina boʻlmay, etik kategoriya hamdir. Shuning uchun adabiyotshunoslikda ijobiy Q., salbiy Q. tushunchalari ham farqlanadi. Garchi soʻnggi yillarda adabiy Q.larni bu tarzda tasniflash tanqid ostiga olinib, unga adabiyotni joʻnlashtirish deb qaralayotgan boʻlsa ham, tasvir predmetiga muallif munosabati mavjud ekan, bu qonuniy hodisa boʻlib qolaveradi. Faqat bu oʻrinda bitta muhim shart bor: ijobiy yoki salbiy Q.ga avvaldan shakllangan simpatiya yoki antipatiya asosida munosabatda boʻlmay, unga, avvalo, estetik hodisa sifatida yondashish zarur. Bu shart bajarilmagan holda oʻquvchi badiiy voqelikni Q.lardan biri yoki nari borsa roviy nigohi bilangina koʻradiki, natijada oʻqish jarayoni ijodiylikdan mosuvo boʻladi. Adabiyotshunoslikda aksilqahramon (q) tushunchasining mavjudligi Q. estetik kategoriyagina boʻlmay, etik kategoriya ham ekanligining yana bir dalilidir; 2) muomala amaliyotida, baʼzan ilmda Q. termini adabiy asarda harakatlanuvchi har qanday shaxs obrazi maʼnosida ham qoʻllanadi. Bu holda u personaj terminiga sinonim boʻlib, hech qanday darajalanishni koʻzda tutmaydi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish