← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Qahramonlik

Qahramonlik (ruschadan kalka “geroicheskoye”) – badiiylik modusi. Q. badiiylik moduslari (q) ichida eng qadimiysi sanaladi. Kishilik jamiyati taraqqiyotining ilk bosqichlarida yaratilgan asarlar markazida gʻayrioddiy kuch-qudrat, matonatga ega qahramonlar harakatlanadi. Xalq dahosi ularni ilohiylashtiradi va shunga yarasha cheksiz ehtirom bilan munosabatda boʻladi (mas., Gerakl, Axilles; Alpomish, Goʻroʻgʻli va b.). Buni qahramon atamasining etimologiyasi ham oshkor qilib turadi: “heros – yarimxudo, ilohiy odam”. Q. modusidagi asar markaziga chiqarilgan shaxs uchun umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan oliy maqsadni amalga oshirish mavjudligini tasdiqlashning yagona usuliga aylanadi. U oʻzini ana shu oliy maqsadni amalga oshiruvchi sifatida anglaydi, adolat, haqiqat yoʻlida fidoyilik bilan kurashadi; favqulodda aql-zakovat va kuch-qudrati bilan atrofdagilardan yaqqol ajralib turadi. Eng muhimi, bunday shaxs taqdir oʻziga belgilagan rol bilan shaxsiy manfaatlari, mayllari, imkoniyatlari orasida qarama-qarshilik koʻrmaydi. Aniqrogʻi, u oʻzining shaxsiy manfaatlariyu orzu-istaklarini shu maqsadga boʻysundiradi, zarur boʻlsa, maqsad yoʻlida ulardan ikkilanmay voz kechadi. Manbalarda Q. modus sifatida faqat “qahramonlar asri” uchungina xos (Gegel) tarzidagi qarashlar ham mavjud. Biroq bunga qoʻshilish qiyin. Chunki milliy davlatchilikni shakllantirish, milliy ozodlik va mustaqillikni himoya qilish jamiyat oldidagi eng muhim va dolzarb vazifaga aylangan davrlarda ularni uddalash ayrim kuchli shaxslar zimmasiga tushadi. Yaʼni mamlakat mustaqilligi uchun jiddiy xavf tugʻilgan pallalarda, jamiyat taraqqiyotidagi inqiroz holatlarida yoki tanazzuldan keyingi qayta tiklanish davrlarida kishilarning qahramonona xatti-harakatlari uchun imkon va ehtiyoj tugʻiladi. Ana shu ehtiyojni anglash, oʻz navbatida, adabiyotda Q. modusini zaruriyatga aylantiradiki, natijada mohiyatan shunga mos koʻplab obrazlar yaratiladi. Mas., urush yillarida yaratilgan “Muqanna” (H.Olimjon), “Mahmud Torobiy” (Oybek), “Jaloliddin” (M.Shayxzoda) kabi koʻplab asarlarda, shuningdek, istiqlol arafalarida yaratilgan ayrim asarlarda (mas., X.Sultonov. “Bunchalar shirinsan, achchiq hayot”; A.Ibodinov. “Quyosh ham olov”) Q. modusi yetakchilik qiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish