Qalb (ar. قلب– teskari qilmoq, agʻdarmoq) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, soʻzni chappasiga oʻqisa ham maʼno chiqadigan tarzda qoʻllash, jumlaga shu tarzda tartib berish; Gʻarb adabiyotshunosligida palindrom (q.) deb yuritiladi. Q.ning bir qator koʻrinishlari farqlanadi: 1) maqlub-i kull – bunda baytdagi soʻz (yoki jumla)ning harflari, ularning tartibi va miqdorini oʻzgartirmagan holda chappasiga oʻqilsa, boshqa bir soʻz kelib chiqadi: roz – zor, qoʻy – yoʻq, loʻq qilgʻay – yogʻliq qoʻl; 2) maqlub-i baʼz – soʻz (yoki jumla) tarkibidagi harflar oʻrnini qisman oʻzgartirib chappa oʻqilsa, boshqa bir soʻz kelib chiqadi: karam – kamar, qamar – raqam; 3) maqlub-i mujannah – bunda maqlub-i kull talablariga javob beradigan soʻzlardan biri misra (yoki bayt) boshida, ikkinchisi misra (yoki bayt)ning oxirida joylashadi; 4) maqlub-i mustaviy – bunda butun boshli ibora chappasiga oʻqilganda, shu iboraning oʻzi hosil boʻladi. Q.ning ushbu navi turli darajada (misraning bir qismi, misra yoki bayt doirasida) voqe boʻlishi mumkin.
Bu oʻrinda Q. sanʼati arab imlosi qoidalari asosida amalga oshgani, hozirgi yozuvda mazkur sanʼat qoʻllangan oʻrinlarni ilgʻab olish qiyinligini ham yodda tutish lozim.
Қалб (ар. قلب– тескари қилмоқ, ағдармоқ) – мумтоз адабиётдаги шеърий санъат, сўзни чаппасига ўқиса ҳам маъно чиқадиган тарзда қўллаш, жумлага шу тарзда тартиб бериш; Ғарб адабиётшунослигида палиндром (қ.) деб юритилади. Қ.нинг бир қатор кўринишлари фарқланади: 1) мақлуб-и кулл – бунда байтдаги сўз (ёки жумла)нинг ҳарфлари, уларнинг тартиби ва миқдорини ўзгартирмаган ҳолда чаппасига ўқилса, бошқа бир сўз келиб чиқади: роз – зор, қўй – йўқ, лўқ қилғай – ёғлиқ қўл; 2) мақлуб-и баъз – сўз (ёки жумла) таркибидаги ҳарфлар ўрнини қисман ўзгартириб чаппа ўқилса, бошқа бир сўз келиб чиқади: карам – камар, қамар – рақам; 3) мақлуб-и мужаннаҳ – бунда мақлуб-и кулл талабларига жавоб берадиган сўзлардан бири мисра (ёки байт) бошида, иккинчиси мисра (ёки байт)нинг охирида жойлашади; 4) мақлуб-и муставий – бунда бутун бошли ибора чаппасига ўқилганда, шу иборанинг ўзи ҳосил бўлади. Қ.нинг ушбу нави турли даражада (мисранинг бир қисми, мисра ёки байт доирасида) воқе бўлиши мумкин.
Бу ўринда Қ. санъати араб имлоси қоидалари асосида амалга ошгани, ҳозирги ёзувда мазкур санъат қўлланган ўринларни илғаб олиш қийинлигини ҳам ёдда тутиш лозим.
Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.