← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Qarib

Qarib (ar. قريب – yaqin) – aruz bahrlaridan biri, muzoriʼ bahriga yaqin boʻlgani uchun shunday nomlangan. Manbalarda bu bahrni Yusuf Nishopuriy kashf etgani aytiladi. 2 ta mafoiylun (v – – – / v – – –) va 1 ta foilotun (– v – –) asllarining takroridan hosil boʻladi. Q. bahri arab sheʼriyatiga xos boʻlib, oʻzbek sheʼriyatida qoʻllanmagan. Navoiyning “Mezon ul-avzon” asarida ham, Boburning “Muxtasar”ida ham qaribi musaddasi solim (v – – – / v – – – / –v – –) vazniga:

Jamolingdin quyosh asru bor uyotliq,

Sochingga banda bogʻ ichra sunbul otliq, –

bayti misol sifatida keltirilgan. Bundan tashqari, Bobur mazkur bahrning yana oʻn uch vazniga maxsus misol sifatida baytlar bitgan. Mas.:

Qaro koʻzum beriga kel karam etgil,

Meni visol birla muhtaram etgil, –

bayti qaribi musaddasi maqbuzi maxbun ( v – v – / v – v – / v v – –) vaznida yozilgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish