← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Qasida

Qasida (ar. قصيده – maqsad, niyat qilish) – mumtoz lirikadagi janr; biror shaxs (shoh, arbob, qahramon), biror muhim voqea, tabiat va sh.k.larni madh etish, ularning yuksak fazilat va xususiyatlarini eʼtirof etish maqsadida yoziladigan sheʼr. Q. gʻazal tipida (a-a, b-a, v-a...) qofiyalanadi, lekin undan farqli oʻlaroq, hajm jihatidan cheklanmagan boʻlib, unda taxallus keltirish shart hisoblanmaydi. Kimnidir yoki nimanidir madh etish maqsadi ustuvor boʻlgani uchun Q., odatda, koʻtarinki, tantanavor uslubda, baland pardalarda yoziladi. Mumtoz sheʼriyatda Q.ning kompozitsiyasiga qoʻyiluvchi talablar ishlab chiqilgan. Unga koʻra, Q. kirish (nasib yoki tashbib), taʼrif joyi, obyektining bayoni (guzirgoh), madh va mamduh (maqtaluvchi) haqiga duo va shoir niyati (qasd) kabi qismlardan iborat boʻladi. Agar Q.da kirish qismi boʻlmasa, mahdud deb ataladi. Sharq mumtoz sheʼriyatida Nosir Xisrav, Unsuriy, Anvariy, Xoqoniy, Daqiqiy, Rudakiy, Sakkokiy, Lutfiy, Jomiy, Gadoiy, Navoiy, Munis, Komil kabi shoirlar ijodida Q. janrining yaxshi namunalari bor. Mumtoz adabiyotda Q.lar, asosan, oʻsha davr hukmdorlari, podshohlarning madhiga bagʻishlangan. Shoir biror shaxsni yoki joyni madh etar ekan, oʻziga xos mubolagʻali tashbehlar qoʻllashga urinadi. Mas., Navoiyning Husayn Boyqaro madhiga bagʻishlangan “Hiloliya” qasidasida shunday misralar bor:

Shohlar shohi demay, ul shohlarning shohikim,

Har biri yuz shohlar shohicha tutqay muknatin.

Yaʼni “Uni, (yaʼni Husayn Boyqaroni) shohlar shohi demayman, chunki (u) har biri yuz shohlarning shohi boʻlgan shohlarning shohidir. (Uning) yuksakligi shu darajadaki, har biri yuz shohga shoh boʻlgan shohlarning har biri (unga) oʻz muknati, yaʼni bor davlatini, boyligini tutadi, oyogʻining ostiga keltirib tashlaydi”. Q.ni dastlab ikki turga boʻlishgan: 1) ortiqcha maqtov, dabdabalardan xoli boʻlgan falsafiy mazmundagi Q.lar. Q.ning bu turi dastlab arab adabiyotida paydo boʻlgan; 2) Q.i masnuʼ – oʻziga xos bezaklarga ega boʻlgan, sanʼat darajasidagi Q.lar. Shuningdek, ayrim manbalarda Q.lar mazmuniga koʻra Q.i bahoriya, Q.i madhiya, Q.i faxriya, Q.i xazoniya, Q.i hajviya, Q.i holiya, Q.i ishqiya, Q.i xamriya kabi turlarga ham ajratilgan. Yangi davr sheʼriyatida ham, jumladan, Charxiy, Chustiy, Habibiy, Ulfat, E.Vohidov kabi shoirlar ijodida Q. janrida yozilgan asarlar uchraydi. Xususan, Erkin Vohidovning mashhur “Oʻzbegim”, “Inson”, “Qoʻllar” kabi Q.lari katta shuhrat qozongan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish