← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Qissa

Qissa (ar. قصه – hikoyat, sarguzasht) – 1) xalq ogʻzaki ijodida keng tarqalgan voqeaband xarakterdagi, qahramon hayoti va sarguzashtlarini hikoya qiluvchi rivoyaviy asar. Xalq ijodidagi Q.lar ogʻzaki ijro qilingan, folklorning boshqa janrlari kabi variantlilik xususiyatiga ega boʻlgan. Keyincha koʻplab xalq Q.lari iqtidorli kishilar tomonidan (koʻp hollarda ularning ismi nomaʼlumligicha qolgan) adabiy qayta ishlanib, yozma shaklda – xalq kitoblari sifatida yashay boshlagan (mas.: “Qissai Mashrab”, “Ibrohim Adham qissasi”, “Zufunun qissasi”). Oʻzbek adabiyotida paygʻambarlar va avliyolar hayotidan hikoya qiluvchi rivoyaviy asarlar ham Q. deb atalgan (mas., Rabgʻuziy. “Qisas ul-anbiyo”; A.Navoiy. “Tarixi anbiyo va hukamo”); 2) epik turning hikoya va roman qatoridagi uchta asosiy janridan biri, povest. Oʻzining janr xususiyatlari bilan Q. hikoya va roman oraligʻidagi hodisadir: hikoyada qahramon hayotidan birgina voqea, romanda qahramon hayotining murakkab ijtimoiy munosabatlar tizimidagi katta bir davri, Q.da qahramon hayotining bir bosqichi qalamga olinadi. Hikoyaning diqqat markazida voqea, romanning diqqat markazida qahramon vositasida idrok etilayotgan olam (jamiyatning joriy holati) tursa, Q.ning markazida hamisha qahramon turadi. Yaʼni roman uchun qahramon vosita, Q. uchun esa maqsaddir. Shunga koʻra Q.dagi barcha voqealar qahramon atrofida uyushtiriladi, uning syujeti romanniki kabi koʻp tarmoqli boʻlmaydi. Adbiyotshunoslikda Q. bilan povest terminlarining qoʻllanishi turlicha: ular sinonim sifatida ham, boshqa-boshqa janr nomlari sifatida ham ishlatiladi. Q. bilan povestni boshqa-boshqa janrlar deb tushunish yetarli asosga ega emas, shuning uchun ularni sinonim sifatida tushunish kengroq ommalashgan. Hozirgi oʻzbek adabiyotida Q. faol epik janrlardan sanalib, XX asr davomida oʻzbek qissachiligi jiddiy muvaffaqiyatlarga erishdi. Bunda, jumladan, janrning yaxshi namunalarini yaratgan Gʻ.Gʻulom, A.Qahhor, O.Yoqubov, P.Qodirov, Sh.Xolmirzayev, Oʻ.Hoshimov, M.Muhammad Doʻst, E.Aʼzamov, X.Sultonov kabi adiblarning izlanishlari, ayniqsa, samarali boʻldi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish