← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Qitʼa

Qitʼa (ar. قطعه – parcha, boʻlak, qism, bir kesim) – Sharq mumtoz sheʼriyatida keng tarqalgan, ikki baytdan bir necha oʻn baytgacha (ayrim manbalarda 19 baytgacha deb belgilangan) hajmdagi, juft misralari oʻzaro qofiyalanib, toq misralari ochiq qoluvchi (b-a, v-a, g-a tarzida) sheʼr shakli; lirik janr. Garchi koʻproq ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-tarbiyaviy, falsafiy mavzularda yaratilsa-da, Q. mazmun jihatidan ham, vazn jihatidan ham chegaralangan emas. Sharq adabiyotida nasriy (didaktik, falsafiy, adabiy-tanqidiy, ilmiy va b. xarakterdagi) asarlarda fikrni dalillash, xulosalash, izohlash kabi maqsadlarda Q.lar keltirilgan boʻlib, ular boshqa ijodkorlar asarlaridan olingan falsafiy jihatdan teran, didaktik xarakterga ega boʻlgan baytlar – parchalardir. Yaʼni bu asarlarning mualliflari oʻz maqsadlariga mos baytlarni keltirarkan, avval “qitʼa” soʻzini qayd etishgan. Shunga koʻra, ayrim manbalarda bildiriluvchi Q. mustaqil asar sifatida yaratilishi ham, qasida yoki gʻazal ichidan bir necha baytni ajratib olish natijasida paydo boʻlishi ham mumkin, qabilidagi fikrlarga qoʻshilib boʻlmaydi. Bu holda Q. soʻzining lugʻaviy va istilohiy maʼnolari farqlanmagan boʻladi. Holbuki, istilohiy maʼnoda Q. muayyan shakl xususiyatlariga ega boʻlgan mustaqil sheʼriy janrni anglatadi, ikkinchi tomondan, muayyan janrga mansub asar (gʻazal yoki qasida)dan ajratib olingan bir necha bayt (hatto, mazmunan gʻoyat boy boʻlsa-da) yangi va mustaqil asar boʻlib qolmaydi, parcha parchaligicha qoladi. Modomiki, nasriy asarlardagi parchalar, koʻproq, qasida va gʻazallar tarkibidan ajratib olingan ekan, ularda keyincha paydo boʻlgan Q. janri belgilari (mas., qofiyalanishi) boʻlishi tabiiy. Demak, bu oʻrinda Q.ning ikki xil yoʻl bilan yaratilishi haqida emas, janrning genezisi haqida gapirish oʻrinli boʻladi. Yaʼni nasriy asarlardagi parchalar ayni shunday (qofiyalanishi birmuncha erkin, hajmi kichik, mazmun va vazn jihatidan cheklanmagan) shakl taqdim etuvchi imkonlarni koʻrsatganki, shu asosda mustaqil Q. janri paydo boʻlgan. Oʻzbek adabiyotida Q.ning ilk namunalari A.Yassaviyda uchrasa, keyin yuqoridagicha qulayliklari sabab boʻlsa kerak, deyarli barcha mumtoz shoirlarimiz lirik merosida salmoqli oʻrin egalladi. Oʻzbek adabiyotida Q. janrining qaror topishi va takomilida A.Navoiyning oʻrni beqiyos (hatto baʼzan Navoiyni sheʼriyatimizdagi Q. janri asoschisi sifatida eʼtirof etadilar), “Xazoyin ul-maoniy”ga 210 ta, “Devoni Foniy”ga 72 ta, shuningdek, “Munshaot”, “Holoti pahlavon Muhammad”, “Xamsat ul-mutahayyirin” kabi qator boshqa asarlariga yana oʻnlab Q.lar kiritilgan. Shuni ham qayd etish lozimki, Navoiy merosida Q.ning gʻazal tipida emas, masnaviy tipida qofiyalanuvchi xillari ham uchraydi. Mas.:

Nukta asnosida Habibulloh

Dedi, alkasibu habibulloh.

Maʼni aytur bu soʻzga piri komil

Ki, soʻzi erdi haq sari shomil.

Gʻaraz ermas bu kasbdin dunyo,

Bal erur kasbdin murod fano.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish