← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Qiyosiy metod

Qiyosiy metod – fanning turli sohalarida, jumladan, adabiyotshunoslikda ham keng qoʻllanuvchi tadqiqot usuli. Ushbu usul mohiyati ikki yoki undan ortiq narsa-hodisalarni oʻzaro qiyoslab, ularning oʻxshash hamda farqli tomonlari, bularni keltirib chiqargan omillarni aniqlash orqali muayyan ilmiy xulosa va umumlashmalar chiqarishdan iboratdir. Adabiyotshunoslikda Q.m.ni qoʻllash imkonlari juda katta, chunki qiyoslab oʻrganilishi ilmiy jihatdan ahamiyatli boʻla oladigan obyektlar doirasi benihoya keng: asar bilan boshqa bir asar (bir adibning yoki bir necha adibning asari; bir janrda yaratilgan asarlar, turli davrlarda yaratilgan asarlar va h.); bir adabiy hodisa bilan boshqa bir adabiy hodisa (bir davrdagi adabiy hodisalar; turli davrlardagi adabiy hodisalar va h.), bir davr adabiyoti bilan boshqa bir davr adabiyoti, bir milliy adabiyot bilan boshqa bir milliy adabiyot va h. Q.m. asosidagi tadqiqotlar keng koʻlamli nazariy umumlashmalar chiqarish, adabiyotning yashashi va taraqqiyotiga oid umumiy qonuniyatlarni aniqlash imkonini beradi. Adabiyotshunoslikda Q.m. XIX asrdan boshlab, ayniqsa, keng qoʻllanila boshladi, adabiy hodisalarni tarixiy aspektda qiyoslab oʻrganishga eʼtibor kuchaydi: tarixiy-qiyosiy adabiyotshunoslik (q. komparativizm) maydonga keldi. Hozirgi adabiyotshunoslikda ham Q.m.dan, jumladan, tarixiy-qiyosiy, qiyosiy-tipologik tadqiq usullaridan keng foydalaniladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish