← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Qofiya

Qofiya (ar. قافيه – misra oxiridagi soʻzlarning bir-biriga mos boʻlishi) – sheʼriy misralar oxiridagi qoʻshimcha, soʻz, baʼzan soʻz birikmalarining ohangdosh boʻlib kelishi, aniqrogʻi, ularning tarkibidagi tovushlar guruhining ohangdoshligi. Q. ritmik jihatdan misrani taʼkidlash bilan sheʼr ritmining his qilinishida muhim ahamiyat kasb etadi. Sheʼrni oʻqish davomida (bu narsa, ayniqsa, yoddan oʻqilganda yoki sheʼr tinglanganda yaqqol seziladi) Q. misraning tugaganidan darak beradi, pauza bajarayotgan ajratish funksiyasini taʼkidlaydi. Sheʼriyatda Q.ning bir qator koʻrinishlari (toʻliq va toʻliqsiz qofiya; unlilar ohangdoshligigagina asoslangan assonans Q., undosh tovushlar ohangdoshligigagina asoslangan dissonans Q.; rus sheʼriyatida ochiq yoki yopiq boʻgʻin bilan tugashiga qarab, ochiq – “jenskaya rifma”, yopiq – “mujskaya rifma” va b.) mavjud. Jumladan, hozirgi oʻzbek sheʼriyatida qofiyadagi tovushlarning qay darajada mosligi jihatidan och (toʻliqsiz) va toʻq (toʻliq) qofiyalar ajratiladi. Toʻq qofiyada qofiyadosh soʻzlarning tovush tarkibi toʻla (mas.: “buzib – uzib”, “loʻkillaganda – lopillaganda”, “izlardan – yuzlardan”) mos kelsa, och qofiyalarda qismangina (“dahriy – qahridan”, “tutun – Alovuddin”, “titrab – guldurak”) mos keladi. Q. sheʼriy nutqning ohangdorligi, musiqiyligi va taʼsirdorligini taʼminlovchi muhim unsurlardan biri sanaladi. Sheʼrda ahamiyati kattalagi bois mumtoz adabiyotshunoslikda Q.ni oʻrganuvchi maxsus soha – ilmi qofiya (q.) shakllangan boʻlib, unda Q., uning unsurlari, turlari, estetik vazifalari, Q. bilan bogʻliq sanʼatlar chuqur oʻrganilgan. Jumladan, mumtoz sheʼrshunoslikda Q.ning unsurlari (raviy, ridf, noira va b.), turlari (mutlaq Q., muqayyyad Q.) mukammal taʼriflangan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish