← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ritm

Ritm (yun. rhythmos – teng oʻlchovlilik) – keng maʼnoda R. muayyan boʻlaklarning maʼlum vaqt oraligʻida tartibli takrorlanib turishidir. Bu maʼnodagi R. borliqdagi juda koʻp narsa-hodisalarda bor. Mas., tarnovdan tomchilab turgan tomchilar chiqarayotgan tovushda, ariq suvining maromli shildirab oqishida, yil fasllarining, kun bilan tunning almashinuvida; insonning yurak urishi, nafas olishi, maʼlum bir harakatni bajarishi – bularning barida R. kuzatiladi. R. tabiiy ravishda inson nutqiga ham xos. Har bir individ nutqining oʻziga xos R.i boʻlib, bu ritm uning fiziologik imkoniyatlari (mas., har bir odamning nafas olishi oʻziga xos, nutq ritmi esa koʻp jihatdan shunga bogʻliq) bilan belgilanadi. Kundalik muloqot nutqidagi ritmga turli omillar (mas., kasallik, ruhiy holat, biror narsadan taʼsirlanish, harakat maromi va b.) taʼsir qilishi hamda uni oʻzgartirishi mumkin. Ogʻzaki nutqqa xos R. tabiiy ravishda yozma nutqqa ham koʻchadi, zero, yozuv ogʻzaki nutqning harflar vositasida moddiylashuvi: odam yozganida “miya”da gapiradi, oʻqiganda “tasavvurda” eshitadi. Demak, nutq hodisasi boʻlmish har qanday adabiy asarda R. boʻlishi qonuniy va tabiiy hol ekan. Ritmiklik adabiy asarning turli sathlari (nutq, rivoya, kompozitsiya)da namoyon boʻlsa-da, nutqiy qurilishida, ayniqsa, aniq koʻzga tashlanadi, shuning uchun R. haqida koʻproq badiiy nutq bilan bogʻliq holda gapiriladi. Badiiy nutqning nasriy va sheʼriy shakllari R. jihatidan farqlanadi. Nasriy nutq R.i umuman inson nutqining ritmikligidan kelib chiqadi, undagi oʻzgarishu tovlanishlar esa matnning konkret boʻlagidagi tasvir predmetining mazmun-mohiyati, unga muallif munosabati bilan bogʻliq holda yuzaga keladi. Nasrdagidan farqli oʻlaroq, sheʼriy nutq R.i maxsus hosil qilingan, muayyan oʻlchov asosida tartibga solingan. Sheʼriy R.ning oʻlchov birliklari oʻzaro qism-butun aloqasidagi nutqiy boʻlaklar (boʻgʻin, turoq, misra, band) boʻlib, ular ritmik boʻlaklar yoki ritmik birliklar deb yuritiladi. R.ning his etilishi uchun sheʼrni oʻqiganda (talaffuzda) ritmik birliklar bir-biridan ajralib turganini his qilish kerak, bunda ritmik vositalar muhim ahamiyatga ega. Ritmik vositalar sheʼr R.ining taʼkidlanishi, kuchaytirilishiga xizmat qiladi, ularning asosiylari sifatida ritmik pauza, qofiya va qofiyalanish sistemasini koʻrsatish mumkin. Har bir ritmik boʻlak boshqalaridan ritmik pauza bilan ajratiladi, shu ajratilish hisobiga ular talaffuzda oʻlchov birligi sifatida namoyon boʻladi. Deylik, boʻgʻin bir tovush zarbi bilan aytiladi va juda ham qisqa, sezilar-sezilmas pauza (aslida bu pauza emas, ikki tovush zarbining bir-biridan farqlanib turishi hisobiga “pauza”dek taassurot qoldiradi, xolos) bilan ajraladi. Turoqlardan keyingi pauza biroz sezilarliroq boʻlsa, misralar nihoyasidagi pauza yaqqol seziladi, band yakunidagi katta pauza unga ritmik-intonatsion tugallik baxsh etadi. Ritmik pauza bilan mantiqiy pauza doim ham bir-biriga mos kelavermasligi mumkin, yaʼni sheʼriy nutqda vergul qoʻyilmagan oʻrinlarda ham toʻxtalib oʻtish va, aksincha, vergulli oʻrinlarda toʻxtalishni sezilmaslik darajasiga keltirish zarurati yuzaga kelishi odatiy holdir. Misra yakunida keluvchi qofiyalar ritmik jihatdan misrani taʼkidlab koʻrsatishga, sheʼrning ohangdorligi, musiqiyligi, taʼsirdorligini oshirishga xizmat qiladi. Sheʼrni oʻqish davomida qofiya misraning tugaganidan darak beradi, pauza bajarayotgan ajratish funksiyasini taʼkidlaydi. Shunga oʻxshash, qofiyalanish tartibi bandning shakllanib boʻlgani, tugaganini taʼkidlaydi. Mas., toʻrt misrali a-b-a-b tarzida qofiyalangan sheʼr oʻqilayotgan boʻlsa, oʻquvchi keyingi bandlarda ham shu xil tartibni kutadi, tartib nihoyalanganida, banddagi tugallanganlikni his qiladi. Yaʼni qofiyalanish tartibi, bir tarafdan, sheʼr ritmining his etilishiga, ikkinchi tarafdan, mazmun va ritmning uygʻunlashuviga, ularning oʻquvchi tasavvurida yaxlit birlik hosil qilishiga yordam beradi. Xullas, R. sheʼriy nutqning emotsionalligi, musiqiyligining asosi, poydevoridir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish