← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ritorik murojaat

Ritorik murojaat – badiiy undalma. Jonli soʻzlashuvda undalma nutq qaratilgan shaxsning muayyan javob harakatini (diqqatini jalb etish, gapiruvchiga qarash, yaqinlashish va b.) talab qiladi. Yaʼni xuddi ritorik savol javob talab qilmagani kabi, R.m. ham mos reaksiyani talab qilmaydi, nutqni bezash, muayyan kayfiyat yo hissiy munosabatni ifodalash vositasi boʻlibgina xizmat qiladi. R.m. sheʼriy nutqda, ayniqsa, keng qoʻllanilib, koʻproq narsa-hodisa, joy kabilarga qaratiladi: “Qayda oʻsding, qayda yashnading, Yaproq, yaproq, aytib ber menga...” (R.Parfi), “Yurtim, senga sheʼr bitdim bugun...”(A.Oripov), “Gul boʻylarini bogʻdan keltirgan, ey shaboda...”(E.Vohidov), “Ay, qaldirgʻoch, oʻqi “Val-layli...”(Z.Mirzo) . Shuningdek, oʻzi hozir boʻlmagan odamga shu yerda kabi murojaat qilish ham R.m.ning bir koʻrinishidir: “Eshitdim, onajon, xafa emishsan, Kechir, oylab senga yozolmadim xat...” (R.Parfi). Bulardan R.m. apostrofa (q.) termini bilan sinonimik munosabatda ekani ayon boʻladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish