← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ritorik soʻroq

Ritorik soʻroq – javob berilishini talab qilmaydigan savol, fikrning soʻroq shaklida tasdiqlanishi. Xuddi ritorik murojaat kabi, R.s. ham nutq bezagi, emotsional munosabatni kuchaytirish, fikrni taʼkidlab ifodalash singari maqsadlarga xizmat qiladi. Mas., A.Oripovning “Axir u emasmi, doʻstni gʻanimu, Gʻanimni doʻst qilib qoʻyguvchi odam?” tarzidagi R.s.i “ha, aynan oʻsha – uchinchi odam”, degan fikrni taʼkidlab ifodalaydi. R.Parfining “Yaproq, yaproq, soʻzlab bersang-chi, Oʻz sevgingdan boʻzlab bersang-chi, Nechun tushding, nechun oyoqqa?..” tarzidagi R.s. esa lirik qahramonni oʻylatayotgan muammo, qiynayotgan dardga ishora qiladi. Yoki “Seni, ohang, ey gʻamli ohang, Tanimasdim, bilmasdim oldin. Tomirimda xun talashur jang, Shuncha gʻamni qayerdan olding?” misralarini olsak, R.s. dastlabki uch misradagi oʻy-hislarni xulosalab, bir zarb kabi kuchaytirib ifodalayotgani koʻrinadi. Keltirilgan misollardan R.s. lirik asarda turlicha badiiy-estetik maqsadlarda ishlatilishi, uning polifunksional tabiati maʼlum boʻladi. Mumtoz sheʼriyatimizdagi tajohuli orif sanʼati R.s.ning ayrim koʻrinishlariga oʻxshash, biroq yuqoridagilardan kelib chiqilsa, R.s. mazkur sanʼatga nisbatan ancha keng hodisa ekani ayon boʻladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish