← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ritorika

Ritorika (yun. rhetorike – notiqlik) – 1) notiqlik sanʼati haqidagi fan. Antik Yunonistonda mil. av. V asrlarda paydo boʻlgan. Mil. av. II – I asrlarga kelib tizim holini olgan, antik Rimda ham izchil rivojlangan. R.ning nazariy asoslari faylasuflar, amaliyotchi notiqlar tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, bunda Arastu, Sitseron, Kvintilianlarning xizmatlari, ayniqsa, katta. Antik Yunoniston va Rim ijtimoiy tuzumida notiqlikning katta oʻrin tutgani R.ning gurkirab rivojlanishiga asos boʻlgan. Shunga koʻra, R.ning predmeti nutq boʻlib, u bilan bogʻliq barcha masalalarni (material tanlash, joylashtirish, jumla tuzish, fikrni dalillash va inkor qilish, soʻz tanlash, uslub, uslubiy figuralardan foydalanish, nutqni oʻqish va h.) oʻrgangan. Shu bilan birga, qadimdayoq R.ning oʻrganish obyektiga proza ham kirgan boʻlib, bu jihatdan u poetikaga qarshi qoʻyilgan. Yaʼni poetika badiiy toʻqima bilan ish koʻruvchi poeziya – badiiy adabiyotni, R. esa real material bilan ish koʻruvchi proza – nutqlar, falsafiy va tarixiy asarlarni oʻrgangan; 2) hozirda R. adabiyotshunoslikning badiiy matnni, uning tashkillanish qonuniyatlarini oʻrganuvchi sohasi sifatida ham taʼriflanadi va shu maʼnoni taʼkidlash uchun baʼzan neoritorika termini bilan ham yuritiladi. Bu qarashga koʻra, R. badiiy matnning tashkillanishini, poetika esa badiiy voqelikning tashkillanishini oʻrganadi, yaʼni ular badiiy asarning turli sathlarida ish yuritadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish