← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ritsarlik romani

Ritsarlik romani (fr. roman chevaleresque – kavalerlik romani, nem. Ritterroman – ritsarlik romani) – oʻrta asrlar kurtuaz adabiyotining asosiy janrlaridan biri, dastlab XII asr oʻrtalarida, ritsarlik harakati gullab-yashnagan Fransiyada paydo boʻlib, keyin butun Yevropaga tarqalgan. Janr genezisi qahramonlik eposiga borib taqalsa-da, R.r. qator xususiyatlari bilan majusiylik davri miflari, qadimgi keltlar va germanlarning rivoyatlari, xalq ertaklari, shuningdek, Sharq adabiyoti namunalariga ham yaqin turadi. R.r. markazidagi qahramon – ritsar oʻzining beqiyos jasorati, olijanobligi bilan ajralib turadi. Ayni shu narsa, qahramon shaxsining oldingi planga chiqarilishi, uni alohida shaxs sifatida (ham ruhiyatidagi jarayonlarni, ham oʻzi va suyukli yori shon-sharafi yoʻlidagi kurashi, bu yoʻldagi jonbozlik va beqiyos qahramonliklarini) tasvirlashga urgʻu berilgani R.r.ni roman janri taraqqiyotidagi muhim bosqichga aylantiradi. R.r.lari avvaliga sheʼriy shaklda yaratilgan boʻlsa, XIII asr oʻrtalaridan uning nasriy bayonlari ham paydo boʻla boshlagan. Koʻplab R.r.lari tematik jihatdan turkumlarga birlashgan boʻlib, oʻz davrida ulardan Tristan va Izolda muhabbati, “yumaloq stol” ritsarlari, qirol Artur, Lanselot haqidagi turkumlar mashhur boʻlgan. Garchi R.r. Yevropa adabiyoti hodisasi boʻlsa-da, Uzoq, Oʻrta va Yaqin Sharq adabiyotlarida ham uning oʻxshashlari (analoglari) mavjud boʻlganki, bu milliy adabiyotlar taraqqiyotidagi stadial umumiylikning yorqin dalilidir. Jumladan, oʻzbek xalq ogʻzaki ijodi (mas., Goʻroʻgʻli turkumi) yoki yozma adabiyotimizdagi qator dostonlar (mas., “Farhod va Shirin”) mohiyat eʼtibori bilan R.r.lariga yaqin turadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish