← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ritual-mifologik tanqid

Ritual-mifologik tanqid – Gʻarb madaniyatshunosligi va adabiyotshunosligidagi metod, XX asrning 30-yillarida, koʻhna madaniyatlarni oʻrganishdagi ritual-mifologik yoʻnalish (J.Freyzer) va K.Yung analitik psixologiyasining sintezi sifatida maydonga chiqqan. Agar mifologik maktab vakillari adabiyotning paydo boʻlishini miflar bilan bogʻlagan boʻlsalar, R.-m.t. miflarning oʻzi rituallardan kelib chiqqan, deb hisoblaydi. Ularga koʻra, nafaqat antik teatr, balki qahramonlik eposi ham, qadim Sharqning muqaddas manbalariyu antik falsafa, oʻrta asrlar eposiyu roman – xullas, adabiyot toʻlasicha ritualdan kelib chiqqan. Muhim jihati shuki, R.-m.t. ritual-mifologik modellarni ijodiy tasavvurga qanot beruvchi manba emas, balki uning strukturasini belgilovchi bosh omil deb biladi. Shuning uchun ham K.Yungning arxetiplar (q.) haqidagi taʼlimoti ularning qarashlarida muhim oʻrin tutadi. Albatta, eng qadimgi davrlarda yaratilgan koʻplab asarlarga, arxaik janrlarga bunday yondashuv asosli. Lekin R.-m.t. bunday yondashuvni adabiyot tarixining eng qadimgi davrlaridan to hozirgi kuniga qadar tatbiq etadi, zamonaviy adabiyot namunalarida ham ritual-mifologik ildizlarni ochish va ularni shu asosda tushuntirishga intiladi. Toʻgʻri, XX asr jahon adabiyotida miflarga murojaat etishning kuchayishi bunga maʼlum darajada asos ham berar, lekin bu holatni insoniyat xotirasida “kollektiv ongsizlik” sifatida yashayotgan arxetiplarning oʻzini namoyon etishi sifatidagina tushunish, arxetipning badiiy tafakkurdagi rolini mutlaqlashtirish toʻgʻri boʻlmaydi. Zero, xuddi shu hol R.-m.t.ni badiiy ijodda kollektiv rolini individ rolidan ustuvor deb bilishga, undagi biografik faktorni butkul inkor qilishga olib keladi. Shu kabi biryoqlamaliklarga qaramay, R.-m.t.ga xos yondashuv arxaik janrlarni, haqiqatan ham ritual-mifologik asosi kuchli boʻlgan oʻrta asrlar va qisman Uygʻonish davri (umumlashtirib aytganda, ijodda traditsionalizm yetakchilik qilgan davrlar) adabiyotini oʻrganishda samarali natijalar berganini ham qayd etish lozim. Jumladan, unga xos yondashuv rus olimi M.Baxtinning “Fransua Rable ijodi va oʻrta asrlar hamda renessans davri xalq madaniyati” asarida qoʻllangan, bu esa muhim nazariy umumlashmalar chiqarishga asos boʻlgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish