← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Rivoya

Rivoya (ar. روايه – hikoya qilish) – voqelikni obyektiv-voqeaband tarzda aks ettiruvchi epik asarlarning oʻzagi, epik asar qurilishining asosiy shakli, undagi muallif yoki personaj-hikoyachi nutqi, yaʼni asar matnining personajlar nutqidan tashqari qismi. R.ning asosi zamon va makonda kechuvchi voqealar haqidagi hikoya boʻlib, oʻsha voqealar kechayotgan zamon va makon, ularning ishtirokchilari boʻlgan personajlarga oid turli tafsilotlar (peyzaj, narsa-buyumlar, portret, muallif xarakteristikasi), muallifning falsafiy, maʼnaviy-axloqiy, ijtimoiy-siyosiy va sh.k. mazmundagi mushohadalari, muallif tilidan berilgan personaj oʻy-fikrlari (oʻziniki boʻlmagan muallif nutqi) ham bevosita uning tarkibiy qismidir. Epik asardagi R. muallif, roviy yoki personaj hikoyachi tilidan, yaʼni turli mavqe, “nuqtai nazar”dan turib olib borilishi mumkin. Shunga koʻra, R. kompozitsiyasi “nuqtai nazar”larning muayyan gʻoyaviy-badiiy maqsadlar bilan oʻzaro almashib turishi, parallel berilishi, birlashtirilishi, zidlanishi kabilar bilan belgilanadi. Epik asarda R.ning obyektiv va subyektiv koʻrinishlari kuzatiladi. Birinchi holda R. “xolis kuzatuvchi” mavqeidan turib olib boriladi, yaʼni roviy voqealarga aralashmaydi, tasvir predmetiga munosabat ochiq ifodalanmaydi; ikkinchisida esa, aksincha, voqelik “ichdan oʻtkazib” beriladi, tasvir predmetiga munosabat ham oshkor ifodalanadi (qiyoslang: A.Qahhor. “Oʻgʻri” – Gʻ.Gʻulom. “Mening oʻgʻrigina bolam”). Yana bir farq R. subyektining tasvirlanayotgan voqeadan xabardorlik darajasida ham kuzatiladi. Anʼanaviy eposda R. subyekti voqeaning barcha ikir-chikirlaridan voqif shaxs sifatida namoyon boʻladi (mas., ertaklarda), u asarning har nuqtasida hoziru nozir, voqelik, asosan, uning nigohi orqali beriladi. Zamonaviy eposda keng ommalashgan obyektiv R. goʻyo ayni damda oʻz holicha kechayotgan voqea-hodisalarni tasvirlayotganlik illyuziyasini hosil qila oladi (bu jihat kichik epik shakllarda toʻla, yirik epik shakllarda esa koʻproq epizodik tarzda namoyon boʻladi), bu esa oʻquvchida R. subyekti ham voqealarni shu vaqtda kuzatayotgandek (yaʼni voqealarning yuz berish va hikoya qilinish vaqti orasida tafovut yoʻqdek) taassurot qoldiradi. Shuningdek, hozirgi eposda yetakchilik qilayotgan bu nav R. asar davomida nuqtai nazarning oʻzgarishi, voqelikning goh muallif, goh hikoyachi-personaj, goh esa boshqa bir personaj nigohi bilan koʻrilishi va baholanishiga imkon beradi. Bu esa tasvirning dinamikligini taʼminlaydi, unga jonlilik va hayotiylik baxsh etib, estetik taʼsir kuchining oshishiga xizmat qiladi. Bundan tashqari, tasvir predmetiga baho berayotgan subyektlarning koʻpayishi R.ning polifoniklik kasb etishi, yaʼni muallif, hikoyachi-personaj va qahramon gʻoyaviy mavqelarining turlicha boʻlishiga imkon yaratadi (q. polifoniya). Zamonaviy epik asarlarda R.ning turli koʻrinishlari mavjud ekanligi, ular konkret asarda sintezlashgan holda voqe boʻlayotganini taʼkidlash lozim.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish