← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Roman

Roman (fr. roman – “lotin tilida emas, roman tillaridan birida yozilgan” maʼnosida) – zamonaviy adabiyotda epik turning yirik hajmli janri. R.ga taʼrif berilganda, odatda, uning hajman kattaligi, hayotni keng koʻlamda tasvirlashi, qahramon hayotidan katta davrni olib, turli ijtimoiy munosabatlar bilan bogʻlab talqin qilishi, koʻplab va turfa kishilar taqdirlari orqali jamiyatning joriy holatini aks ettira olishi; murakkab koʻp chiziqli syujetga ega boʻlishi kabi janr xususiyatlari qayd etiladi. Darhaqiqat, bu xususiyatlar aksariyat R.larga xos, lekin janr xususiyatlarini shularning oʻzi bilangina belgilash kamlik qiladi: amalda hajman qissadan farq qilmaydigan yoki qisqagina davr mobaynida kechgan voqealar tasviri bilan cheklangan R.lar ham, markazida birgina shaxs taqdiri (boshqa personajlar uning xarakterini ochishga xizmat qiladi) turgan yoki birgina syujet chizigʻiga ega R.lar ham uchraydi. Shuning uchun mutaxassislar R.ning janr sifatida belgilovchi muhim xususiyatlari deb yana romaniy problema, romaniy qahramon va romaniy tafakkurni koʻrsatishadi. Tabiiyki, bu uchala tushuncha bir-biriga uzviy bogʻliq, biri ikkinchisini taqozo etadi. Romaniy problemaning mohiyati shundaki, u inson taqdiri, uning jamiyat (kengroq qaralsa – olam) bilan oʻzaro munosabati badiiy tadqiqi orqali olamu odam mohiyatini anglashga intiladi. G.Lukach fikriga koʻra, dunyoning yaxlitligiyu butunligini, mavjudlikning tub mohiyatini anglash R.ning bosh muammosi boʻlsa, qahramonning dunyo bilan ziddiyati oʻsha muammoni hal qilish vositasidir. M.M.Baxtin esa qahramon taqdiri va egallagan mavqeining uning oʻziga nomuvofiqligi R. janrining markaziy mavzu-muammolaridan biri, deb hisoblaydi. Demak, R.da qoʻyilgan problemani badiiy idrok etish uchun qahramon ham shunga mos boʻlishi talab qilinadiki, buning uchun romaniy qahramon jamiyatda yashagani holda, oʻzining individligini teran idrok etadigan, muhit bilan ziddiyatga kirishgan shaxs boʻlishi lozim. Zero, R.ning klassik tushunchadagi – “burjua eposi” (Gegel), “yangi davr eposi” (Belinskiy) sifatidagi koʻrinishi shaxsning jamiyatdagi maqomi oʻzgargan, u oʻzini oʻz holicha butun bir olam sifatida idrok eta boshlagan bir sharoitda shakllandi. Oʻzini alohida olam sifatida idrok etgan shaxsning jamiyat bilan, olam bilan ziddiyatlarini badiiy talqin qilishu yoʻqotilgan epik butunlikni tiklash klassik R.ning bosh muammosi boʻlib qoldiki, shu maʼnoda u “yangi davr eposi” sanaladi. Shu bois ham R. markazida shaxsning hayoti, uning ziddiyatlariyu toʻqnashuvlari turadi. Nemis faylasufi Shelling R. voqeani eposdan, taqdirni dramadan oladi, deganida ayni shu narsani nazarda tutgan. Epik butunlikni tiklashga intilayotgan shaxs deganimiz, avvalo, ijodkorning oʻzi, R. markazida turgan qahramonning tashqi olam bilan toʻqnashuvlari (keng maʼnoda shaxs dramasi) oʻsha butunlikni tiklash vositasi ekanligi eʼtiborga olinsa, R.ni oʻz hayot yoʻlida chigal muammolarga duch kelgan ijodkorning “ziddiyatli holatni adabiy yoʻl bilan yechishga urinishi”(A.Priyeto), deyish mumkin boʻladi. Qoʻyilgan problemani shunga mos qahramon vositasida idrok etish jarayonida jamiyatning joriy holati, olamu odam haqidagi yaxlit bir konsepsiya, R. badiiy falsafasi shakllanadiki, bu romaniy tafakkur mahsulidir. Albatta, R. janrining bir necha asrlik taraqqiyoti davomida uning turli xil va koʻrinishlari yaratilgani, janrning hozirda ham takomillashib borayotgani eʼtiborga olinsa, yuqorida sanalgan xususiyatlarni barcha R.lardan izlash, ularni qatʼiy qoida deb tushunish toʻgʻri boʻlmaydi. Bu oʻrinda har bir davrning badiiy-estetik talab-ehtiyojlari R.ga maʼlum oʻzgarishlar kiritishi, oʻtgan davr mobaynida R.ning turfa (tarbiyaviy, maishiy, ishqiy, sarguzasht-detektiv, ijtimoiy-psixologik, tarixiy-biografik, satirik va h.) xillari yaratilgani, nihoyat, R. hozirda ham takomillashib borayotgan janr ekanligini hamisha yodda tutish lozim.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish