← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Romantizm

Romantizm (fr. romantique, ingl. romantic) – Yevropa adabiyotida XVIII asr oxiri – XIX asrning birinchi yarmida yetakchilik qilgan adabiy yoʻnalish. Etimologik jihatdan termin ispancha “romance” soʻzi bilan bogʻliq boʻlib, XVIII asrda kitoblardagina uchratish mumkin boʻlgan gʻayritabiiy, ajabtovur, fantastik narsalarning bari shu soʻz bilan yuritilgan. Darhaqiqat, R. adabiyoti yaratgan badiiy olamni shunday soʻz bilan nomlashga yetarli asos bor edi. Zero, R. mavjud voqelikdan qoniqmaslik tufayli, maʼrifatchilikka xos olam (odam va jamiyat)ni aql bilan raso holga keltirish gʻoyasiga ishonchning barbod boʻlishi natijasi oʻlaroq yuzaga kelgan boʻlib, “reallikdan qochish”ga, real olamdan koʻra mukammalroq olam yaratishga intiladi. R. klassitsizmga xos “tabiatga taqlid” va undan kelib chiquvchi haqiqatga monandlik talablarini inkor qiladi, uning uchun badiiy reallik mavjud reallikdan haqqoniyroqdir. Mavjud voqelikdagi tussizlikdan bezgan R. vakillari, koʻpincha, koʻhna oʻtmishdan maʼni izlashadi (mas., V.Skott, V.Gyugo, A.Dyuma romanlari), ular tasvirlagan voqea-hodisalar aksar uzoq, ekzotikaga boy yurtlarda kechadi va sh.k.

R. adabiyotining umumlashtirish prinsipi – ideallashtirish, u voqelikka boqiy va mutlaq ideallar asosida yondashadi, shuning uchun ham R.da voqelik bilan ideal orasidagi nomutanosiblik yaqqol koʻrinadi, ularning ziddiyati oʻta keskin namoyon boʻladi. Natijada R. adabiyotida olam ikkiga ajraladi, ikkisi – ideal olam bilan mavjud olam alohida yashaydi. R. adabiyotining bosh ziddiyati – ezgulik va yovuzlik kurashi, unga koʻra, yovuzlik ham, unga qarshi kurash ham birdek boqiydir. Yaʼni bu kurash yovuzlikni ildizi bilan yoʻqotishu olamni tubdan oʻzgartirishga ojiz, qoʻlidan keladigani – yovuzlikning olamda mutlaq hokim boʻlishiga yoʻl bermaslik, xolos. Yovuzlikka qarshi kurashayotgan betakror shaxs – R. adabiyotining bosh qahramoni. R. adabiyotga oʻzining yangicha shaxs konsepsiyasi bilan kirib keldi. Uning uchun shaxs – alohida olam. Shaxsning sirli va adadsiz ichki olami R. adabiyotining markaziy muammosiga aylanadi. R. shaxsdagi betakror individual xususiyatlarga urgʻu beradi, asosiy eʼtiborni uning ichki olamidagi ziddiyatlar, qalbiyu ongidagi izohlash mushkul harakatlar, gʻayrishuuriy holatlarga qaratadi. Mavjud voqelikdagi maishat quliga aylanib borayotgan odamlarga zid oʻlaroq, R. adabiyoti muhabbatiyu nafrati, mehriyu qahri cheksiz, yuksak tuygʻularga, iztirobli oʻylovlaru oʻzini beshafqat taftish qilishga qobil qahramonni yaratadi. Bu qahramon olam sir-sinoatini anglashga ojizligidan iztirob chekadi, mavjud voqelik sogʻlom aqlga nomuvofiq ekani, oʻzining shaxsiy erkiga daxl qilayotganidan iztirobga tushadi. R. adabiyotining qahramoni shaxsiy erkini, insonlik shaʼnini yuksak qadrlaydi, ularga qarshi har qanday harakatga butun vujudi bilan qarshi turadi.

Shaxsga bu xil qarash R.ning ijodkor shaxsga munosabatida ham oʻz aksini topadi. Ijodkorni muayyan qoidalar bilan cheklagan klassitsizmdan farqli oʻlaroq, R. tom maʼnodagi ijodiy erkinlik tarafdori, u har qanday cheklovlarni inkor qiladi. Shuning uchun R. nazariyotchilari adabiy tur va janrlar orasiga qatʼiy chegara qoʻymaydilar, adabiyotning boshqa sanʼat turlari bilan sintezlashuvi yoki konkret badiiy asarda turli estetik belgilar (tragizm va komizm, tuban va yuksak va b.)ning qorishiq holda namoyon boʻlishini tabiiy hol deb biladilar. Ular badiiy asarni tirik organizmga qiyos qiladilar, badiiy shakl mazmundan tabiiy ravishda oʻsib chiqadi va u bilan uzviy bogʻliq holda yashaydi deb tushunadilar. Yaʼni bunda ham normativ xarakterdagi poetikaga oid qoʻllanmalarda qatʼiy belgilangan meyorlarni inkor qilish, ijodkorning yaratuvchilik huquqini eʼtirof etish kuzatiladi. R. adabiyotni tarixiy roman, fantastik qissa, liro-epik poema kabi janrlar bilan boyitdi; ifodada metaforiklik, yuksak darajadagi assotsiativlik va shu asosda koʻp maʼnolilikka intilgani sabab badiiy tilning ifoda imkoniyatlarini kengaytira bildi. R. badiiy tafakkur rivojida sezilarli iz qoldirdi, uning anʼanalari simvolizm, ekspressionizm, syurrealizm singari oqimlar tomonidan ijodiy oʻzlashtirildi, romantik pafos adabiyot va sanʼatga xos estetik belgilardan biri boʻlib qoldi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish