← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Roviy

Roviy (ar. راوي – hikoyachi, qissa aytuvchi, xabar, maʼlumot beruvchi) – epik asarlardagi rivoya subyekti, voqealarni hikoya qilayotgan, ular kechayotgan makon va zamon, ularda ishtirok etayotgan personajlarga oid tafsilotlarni yetkazib, tasvir predmetiga u yoki bu tarzda munosabat bildirayotgan shaxs. Epik asarda rivoya, koʻproq, muallif (konkretlashtirilmagan “uchinchi shaxs” ham aksar muallif sifatida tushuniladi), baʼzan esa personaj (mas., Gʻ.Gʻulom. “Shum bola”) tilidan olib boriladi. Shuningdek, baʼzan asarda bir necha R.ning ishtirok etishi ham kuzatiladi (mas., Oʻ.Hoshimov. “Ikki eshik orasi”; M.Muhammad Doʻst. “Lolazor”). Shunga qaramay, R.larning koʻpayishi rivoyaning butunligiga putur yetkazmaydi, chunki bu holda ham matndan muallif (yoki asosiy R. vazifasidagi personaj)ning tinglovchi maqomida turgani anglashilaveradi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish