← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ruboiy

Ruboiy (ar. رباعي – toʻrtlik) – Sharq mumtoz sheʼriyatida keng tarqalgan lirik janr, hazaj bahrining axrab va axram shajaralarida yozilib, koʻproq a-a-b-a tarzida qofiyalanuvchi toʻrt misrali mustaqil lirik asar. Arabcha nomlanishiga qaramay, R. dastlab forsiy adabiyotda paydo boʻlib, keyin arab va turkiy adabiyotlarga oʻtgan. R.ning kelib chiqishi masalasida ixtiloflar mavjud: ayrim mutaxassislar janr genezisini turkiy xalqlar ogʻzaki ijodidagi toʻrtliklar bilan bogʻlasa, boshqalari uni fors sheʼriyatiga xos va janr asoschisi Abu Abdullo Rudakiy deb hisoblashadi. Oʻzbek xalq ogʻzaki ijodida, shuningdek, yozma adabiyotimizning Navoiygacha boʻlgan davrida dubaytiy (dubaytiy – ikki bayt yoki toʻrt misradan iborat sheʼr, yaʼni toʻrtlik) vazniga (hazaji musaddasi mahzuf yoki maqsur) tushadigan toʻrtliklar koʻplab yaratilgan boʻlsa-da, R. vazniga tushadigan toʻrtliklar uchramaydi. Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig” asaridagi toʻrtliklar mutaqorib, Nasimiy va Lutfiy toʻrtliklari esa ramal bahrida yaratilgan. Shayx Ahmad Taroziyning “Funun ul-balogʻa” asarida R. sifatida keltirilgan fors tilidagi misollar hazaj bahrida, turkiydagilari esa ramali musaddasi maqsur (yoki mahzuf) vaznidadir. Bundan oʻsha davr (XV asr boshlari) oʻzbek adabiyotida R. janri vazn jihatdan hali qatʼiy tartibga solinmagani koʻrinadi. Navoiydan boshlab oʻzbek adabiyotida ham R.ning hazaj bahri tarmoqlarida yozilishi qatʼiy qoida tusini oldiki, shu bois Navoiyni haqli ravishda oʻzbek adabiyotida R. janri asoschisi deyish mumkin. Darhaqiqat, barcha manbalarda R.ni janr sifatida belgilovchi muhim xususiyatlardan biri sifatida uning vazni, yaʼni hazaj bahrining axram va axrab shajaralarida yozilishi eʼtirof etiladi. Yaʼni bundan boshqa vaznga tushuvchi har qanday toʻrt misrali sheʼr R. emas, balki qitʼa, dubaytiy yoki toʻrtlikdir: “Biror toʻrtlikni R. deb atash uchun unda tugal mazmun, R. shakli boʻlishidan tashqari, R. vazni ham boʻlishi kerak. Toʻrtlik qanchalik chuqur maʼno va goʻzal shaklga ega boʻlmasin, agar u R.ning maxsus vazniga tushmasa, R. boʻla olmaydi” (Yo.Ishoqov). Mumtoz poetikaga oid asarlarda R.ning nega aynan hazaj bahrida yozilishi va bu vaznning nega qatʼiyligi haqida aniq fikr yoʻq. Oʻtmish adabiyotshunoslari faqat falsafiy fikrlar, hayotiy kechinmalarni ifodalash uchun mazkur vaznlarning qulayligi xususida gapirish bilan kifoyalanadilar.

R. ikki xil qofiyalanish tartibiga ega: birinchi, ikkinchi va toʻrtinchi misralari oʻzaro qofiyalanib, uchinchi misrasi ochiq qoladigan (a-a-b-a) turi xosiy R. yoki R.i xosa deyiladi. Mas.:

Hijronda sogʻinib meni shod etgaysen,

Men hastani muxlis eʼtiqod etgaysen,

Bu xatni aning uchun bitidim munda,

Koʻrgach bu xatimni meni yod etgaysen (Bobur).

Toʻrtala misrasi oʻzaro qofiyalanadigan (a-a-a-a) R., koʻproq, tarona yoki R.i tarona, ayrim manbalarda esa musarraʼ deb yuritiladi. Shuningdek, A.Navoiy R.ning bu xilini ruboiya deb atagan. Mas.:

Koʻnglumni gʻamu dard ila qon ayladi ishq,

Koʻz yoʻlidin ul qonni ravon ayladi ishq.

Har qatrani bilmadim qayon ayladi ishq,

Bedil ekanim buyla ayon ayladi ishq (Navoiy).

Qayd etish kerakki, xosiy R. bilan taronai R.ning turli davrlardagi faollik darajasi, ularga ijodkorlarning munosabati bir xil boʻlmagan. Xususan, Navoiy merosida taronai R. salmoqli (oʻzbekcha R.larining 95 foizi, forsiy R.larining hammasi) boʻlsa, Bobur xosiy R.ni maʼqul koʻrgan (uning 211 ta R.sidan 181 tasida uch misra oʻzaro qofiyalangan); X – XI asrlarda taronai R. yozish urf boʻlsa, Navoiydan keyingi davrda xosiy R.lar salmogʻi ortib borgan.

Ruboiyning kompozitsion qurilishi maʼlum bir masala yuzasidan fikrni izchil rivojlantirib, ixcham va tugal ifodalashga mos: dastlabki ikki misrada gʻoya va maqsad, keyingi ikki misrada dalil va xulosa oʻz aksini topadi. Shundan kelib chiqib, hozirgi adabiyotshunoslikda R.ning birinchi misrasi tezis, ikkinchisi antitezis, uchinchisi moddai ruboiya (yoki xulosa uchun asos boʻladigan koʻprik), toʻrtinchi misra esa sintez deyiladi. Yaʼni R.ning birinchi misrasida juda muhim bir fikr tezis qilib qoʻyiladi-da, keyingi uch misra shu fikr talqiniga bagʻishlanadi; yoki birinchi va ikkinchi misradagi fikriy tezisga uchinchi misrada antitezis qoʻyilib, toʻrtinchi misrada sintez (xulosa) beriladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish