← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ruhiy-tarixiy maktab

Ruhiy-tarixiy maktab – XIX asr oxiri – XX asr boshlarida romantizm estetikasi va nemis faylasufi V.Dilteyning “hayot falsafasi” taʼlimoti asosida madaniy-tarixiy maktabga zid oʻlaroq vujudga kelgan adabiyotshunoslik maktabi. Diltey taʼlimotiga koʻra, tarixiy ruh – millat va davrning uygʻun birligi boʻlib, mazkur birlik, avvalo, sanʼatkor dahosi tufayli voqe boʻladi. Yaʼni tarix va ruhiyat sanʼatkor qalbida yagona kechinmaga aylanadi va xuddi shu kechinma badiiy shaklda moddiylashib, yaxlit maʼnaviy-ruhiy reallikka aylanadiki, bu maʼnaviy-ruhiy reallik nafaqat oʻquvchi, balki sanʼatkorning oʻziga ham ilk bor namoyon boʻlayotgan haqiqatning oʻzidir. Diltey sanʼat voqelikni boshqa gumanitar fanlarga qaraganda adekvat aks ettirishga koʻproq qodir, sanʼat turlari orasida esa adabiyot ruhiy-tarixiy mavjudlik mohiyatini hammadan koʻra teranroq idrok eta oladi deb biladi. Chunki adabiyot til bilan ish koʻradi, ruh esa tilda oʻzining butun teranligi bilan toʻla va obyektiv ifodasini topadi. Shulardan kelib chiqib, R.-t.m. badiiy asar talqinida ruhiy-tarixiy va psixologik yondashuvlarni sintezlashtirishga intiladi. U madaniy-tarixiy maktabga xos adabiyotga pozitivistik yondashuvni qabul qilmaydi, adabiyotshunoslikning vazifasi tabiiy fanlardagi kabi ratsional tushuntirib berish emas, balki badiiy butunlikni koʻproq intuitiv tarzda (“hamdardlik”, “asar ruhiga kirish” asosida) bevosita tushunish va talqin qilishdan iborat deb biladi. R.-t.m. badiiy asar tahlilida “kechinma”ni markaziy oʻringa qoʻyadi, unga subyekt (ijodkor) va obyekt (davr) birligi sifatida qaraydi, har bir ijodkor betakror, “ruh tarixi”dagi oʻziga xos va avtonom hodisa deb biladi. Biroq bu biografik yondashuvdan mutlaqo farqlanadi. Zero, badiiy asarda tarixiy ruh aks etadi deb bilgan R.-t.m. ijodkor shaxsi, dunyoqarashi masalalariga jiddiy eʼtibor bergani holda, asarda akslangan tarixiy ruh ildizini biografik faktlardan emas, davrning umummadaniy konteksti (davrning umumiy ruhi, yetakchi falsafiy qarashlar, shularga bevosita bogʻliq ijodkor dunyoqarashi)dan qidiradi. R.-t.m. oʻtgan asrning 20-yillarida gullab-yashnagan boʻlsa, 30-yillarda uning alohida adabiy maktab sifatidagi faoliyati tugadi: uning bir qism tarafdorlari oʻz faoliyatini fenomenologik maktab, boshqa bir qismi yangi gegelchilar qatorida davom ettirdi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish