← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Rujuʼ

Rujuʼ (ar. رجوع – qaytish) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, avval aytilgan fikr (biror narsa-tushuncha, holat haqida aytilgan gap, unga qilingan qiyos, tashbeh, tamsil va sh.k.)dan qaytib, soʻng uni yanada kuchliroq, taʼsirliroq, goʻzalroq tarzda ifodalash. Yaʼni R. sanʼatida shoir sheʼrda oʻzi keltirgan chiroyli oʻxshatish va sifatlashlarni goʻyo bilmasdan aytib qoʻygandek yoki ulardan qanoatlanmaganday boʻlib, fikridan qaytadi va avvalgilardan koʻra goʻzalroq tashbehu sifatlashlarni keltiradi. Atoulloh Husayniy taʼrifiga koʻra, R.da lirik qahramon maʼshuqa goʻzalligi yoki boshqa biror sabab tufayli hushini yoʻqotar holatga keladi va shu holatida beixtiyor fikr aytib qoʻyib, keyin, hushiga kelgach, “aslida mana bundoq edi” tarzida “gapini toʻgʻrilab oladi”. Mas., Munis:

Sabo tahrikidin, yoʻq, balki ogʻzing sharmidin boshin

Quyi solmoqqa moyil boʻlgʻusidur har zamon gʻuncha, –

baytida gʻunchaning bosh egib turishini avval shamol harakati (“sabo tahrikidin”) tufayli deb aytadi, soʻng fikridan qaytib, buning sababi gʻunchaning yor “ogʻzi sharmi”, yaʼni yor ogʻzi goʻzalligi oldida bosh egib turishi deb izohlaydi. Bu oʻrinda R. sanʼati husni taʼlil (q.) sanʼati bilan qorishiq holda namoyon boʻladi, bu esa ifodaning yanada goʻzal va taʼsirli chiqishini taʼminlaydi. Ilmi badiʼga oid manbalarda R. istidrok (q.) deb ham yuritiladi, biroq bu masalada yakdillik yoʻq, istidrokka berilgan taʼriflar R.dan birmuncha farqlidir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish