← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Rukn

Rukn (ar. ركن – ustun) – aruzda juzv (turkiy aruzda hijo)larning muayyan tartibda birikishidan hosil boʻluvchi ritmik boʻlak, juzv bilan bahr orasidagi ritmik birlik. Hozirgi adabiyotshunoslikda R. termini, koʻproq, mazkur maʼnoda qoʻllansa-da, mumtoz aruzshunoslikda u juzv (q.) maʼnosida ham faol ishlatilgan. Aksincha, hozirda R. termini bilan yuritiluvchi tushuncha mumtoz aruzshunoslikda afoyil, tafoyil, ajzo, vazn, arkon (R.ning koʻpligi) kabi istilohlar bilan ham ifodalangan. Aruzda juzvlarning maʼlum tartibda qoʻshilishidan sakkizta afoyil yoki asllar, yaʼni asl R.lar yuzaga keladi:

Fauvlun = vatadi majmuʼ + sababi hafif

Foilun = sababi hafif + vatadi majmuʼ

Mafoiylun = vatadi majmuʼ + sababi hafif + sababi hafif

Foilotun = sababi hafif + vatadi majmuʼ+ sababi hafif

Mustafʼilun = sababi hafif + sababi hafif + vatadi majmuʼ

Mafʼulotu = sababi hafif + sababi hafif + vatadi mafruq

Mafoilatun = vatadi majmuʼ + fosilai sugʻro

Mutafoilun = fosilai sugʻro + vatadi majmuʼ

Mazkur sakkiz asl R.ning takroridan bahrlar (q.) hosil boʻladi. Asllarning zihofga (q.) uchrashidan tarmoq (yoki farʼiy, furuʼ) R.lar hosil boʻladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish