← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Sajʼ

Sajʼ (ar. سجع– bulbul, toʻti, qumri kabi qushlar ovozining uygʻunlashib kelishi, oʻlchovli) – mumtoz adabiyotdagi lafziy sanʼat, bir yoki bir necha gaplardagi ayrim boʻlaklarning yo vaznda, yo qofiyada, yo har ikkalasida mos kelishi. Ilmi badiʼga oid ayrim manbalarda S. nasrga xos deyilsa, boshqalarida ham nasrga, ham nazmga xosligi eʼtirof etiladi. Shunga qaramay, S.ni nasrga xos deb bilish, uni qofiyali nasr sifatida tushunish kengroq ommalashgan va bu ilmiy jihatdan toʻgʻriroqdir. Chunki nazmdagi S. va uning turlariga berilgan taʼriflar tarseʼ, muvozana, zulqofiyatayn, zulqavofiʼ, izdivoj kabi qator sheʼriy sanʼatlarni qamrab oladi. Yaʼni bu holda bir hodisa turli nomlar bilan yuritiladi, xolos, S.ni bunday keng maʼnoda tushunish terminologik chalkashliklarni yanada kuchaytiradi. Shuning uchun ham S.ni nasr bilan bogʻliq hodisa deb bilish maqsadga muvofiqdir. S.ning ildizlari turkiy xalqlar folkloriga borib taqaladi. Agar xalq ogʻzaki ijodi janrlarining, asosan, ijroga moʻljallangani, ijroning musiqa joʻrligida amalga oshgani eʼtiborga olinsa, S.ning folklorda keng ommalashish sababi (oʻziga xos ohang, musiqiylik hosil qilishi, estetik taʼsir kuchining oshishi kabi) ayon boʻladi. Mas.: “Shuytib hut kirib, mushuklar miyov boʻlib, qozonlar sutga toʻlib, bitta-yarim erta qochgan qoʻylar qoʻzilab, qorlar qoshoq boʻlib erib, qoʻzigullar ochilib, odamzot bahriga olamga bir ajoyib erta koʻklam isi sochilibdi” (“Yunus bilan Misqol”).

S. yozma adabiyotda ham ancha keng tarqalgan sanʼatlardan biridir. Jumladan, mumtoz adabiyotimizda doston boblariga qoʻyilgan nasriy sarlavhalarda (mas., Navoiy “Xamsa”si), devonlarga yozilgan debochalarda, nasriy munojotlarda S. sanʼati keng qoʻllangan. Hozirgi nasrda ham matnning ayrim oʻrinlarida, xususan, tasvir predmetiga emotsional munosabat quyuq ifodalanuvchi lirik chekinishlarda, voqea rivojidagi hayajonli nuqtalar yoki personajlar ruhiyatida junbishga kelgan kechinmalar tasvirida S.ga xos xususiyatlarni koʻrish mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish