← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Sanoyiʼ

Sanoyiʼ (ar. صنايع – sanʼatning koʻpligi) – nutqni goʻzal qiluvchi badiiy vositalarning jami. Nutqni bezovchi vositalar, nutq goʻzalliklari dastlab ikki turga boʻlinadi. Birinchisi, nutqning ataylab ishlov berilmagan, til hodisasiga aylanib ulgurgan tabiiy goʻzalligi boʻlib, ular zotiy goʻzalliklar deyiladi. Nutqqa bezak berish uchun atayin yaratiladigan vositalar oriziy goʻzalliklar deyiladi. Atoulloh Husayniy taʼbiri bilan aytganda: “Birinchi navʼi ... dilbarlarning tabiiy husni yangligʻdur va ikkinchi navʼi ... bezaklar singaridur”. Ilmi badiʼda S.ni nutqning koʻproq qaysi jihatiga bezak berishi jihatidan lafziy, maʼnaviy hamda lafziyu maʼnaviy sanʼatlar koʻrinishida tasniflash anʼanasi shakllangan. Nutqning maʼno tomoni bilan bogʻliq boʻlib, uning maʼno goʻzalligini taʼminlashga xizmat qiluvchi sheʼriy sanʼatlar maʼnaviy sanʼatlar deb yuritiladi. Adabiyotlarda iyhom, tavjih, tajohuli orif, talmeh, irsol ul-masal, husni taʼlil, laffu nashr, mubolagʻa, tashbeh, tamsil, istiora kabi oʻnlab sanʼatlar maʼnaviy sanʼatlar sirasiga kiritiladi. Sheʼrning koʻproq shakl tomoniga eʼtibor qaratgan holda uning uslubiga bezak beruvchi sanʼatlar esa lafziy sanʼatlar deyiladi. Ayni paytda, bu oʻrinda maʼno ham eʼtibordan chetda qolmaydi, aksincha, “alfozni maʼnogʻa tobiʼ qilmoq” (A.Husayniy) talabi qoʻyiladi. Ilmi badiʼga oid asarlarda tarseʼ, tajnis, sajʼ, qalb, tajziya, zulqofiyatayn kabilar lafziy sanʼatlar sifatida tavsiflanadi. Nutqni goʻzal qiluvchi bir guruh vositalar ham shaklga, ham maʼnoga aloqador boʻlgani bois lafziyu maʼnaviy yoki mushtarak sanʼatlar deb yuritilib, unga taqobul, muqobala, taʼdil, tansiq us-sifot, iqtibos, tazmin, husni ibtido, husni taxallus, husni matlaʼ, husni maqtaʼ kabilar kiritiladi. Sanʼatlarni bunday guruhlashda birmuncha shartlilik bor. Chunki shaklning maʼnodan, maʼnoning esa shakldan ayri holda sanʼat hosil qilishi mumkin boʻlmagan holdir. Bu haqda yana Atoulloh Husayniy yozadi: “borcha goʻzalliklarning asosi uldurkim, nutq ul tarzda ado etilgaykim, maʼnoni anglashgʻa, aning latofati, tarkibi va sogʻlamligʻigʻa hech bir xalal yetmagay. Asos ul emaskim alfozgʻa husni ziynat bermakka sayʼ qilgʻaylar-u, maʼnogʻa xalal yetur holdin koʻz yumgʻaylar yoxud aksincha xolis maʼno bayon etib, husn-i ado tariqigʻa yoʻlamagʻaylar”.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish