← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Sarbast

Sarbast, verlibr – oʻzbek adabiyotida XX asrdan boshlab ommalasha boshlagan sheʼr shakli. S.da yozilgan sheʼr misralaridagi boʻgʻinlar soni ham, ularning choʻziq-qisqaligi ham, turoqlanish yoxud qofiyalanish tartibi ham mutlaqo erkindir. Shuning uchun oʻzbek adabiyotshunosligida S. va erkin sheʼr terminlari, koʻpincha, sinonim tarzida ishlatiladi, biroq bu terminlar boshqa-boshqa tushunchalarni anglatadi (q. erkin sheʼr). S. sheʼr nasriy nutqdan avvalboshdan nutqiy boʻlak (misra)larga boʻlinishi bilan farq qilib, bu narsa grafik (har bir misrani alohida satrga yozish) va intonatsion (ritmik pauza va ritmik aksentlar hisobiga) jihatdan taʼkidlanadi. X.Davronning “Eng kuchli baqiriq...” nomli sheʼri S.ga misol boʻla oladi:

Eng kuchli baqiriq – Soqovning baqirigʻi. Oʻ, qanday kuch bilan baqirar Qabrtoshlar... Eng kuchli sukunat – na koʻz sukuti, na soqov sukuti, na tosh sukuti. Eng dahshatli sukunat – Shoir jim yursa...6 7 9 3 11 11 12

Keltirilgan sheʼrda misralardagi boʻgʻinlar soni turlicha, misralarning oʻzaro qofiyalanishi kuzatilmaydi, lekin grafik koʻrinishi uning sheʼr ekanini, emotsional toʻyintirilgan nutq ekanligini taʼkidlab turadiki, uni mos ohang bilan oʻqiymiz. Prozaik nutqdan farqli oʻlaroq, bunda nutqning musiqiy boʻlishiga ham eʼtibor beriladi, lekin uning musiqiyligi teng oʻlchovlilik yoki tartibli qofiyalanish asosida emas, balki soʻz va tovush takrorlari, ritmik urgʻular hisobiga taʼminlanmoqda, S.da yozilgan sheʼrning anʼanaviy barmoq yoki aruzdagi sheʼrdan farqli tomoni shuki, undagi ohangdorlik avvalboshdan maʼlum maromga solinmaydi, muayyan maromga mos kechinmalar ifodalanmaydi. Aksincha, bunda fikr-tuygʻuga mos ohang soʻzning maʼnosi asosida yuzaga keladi, yaʼni bu oʻrinda maʼno asosida oʻqiladi va soʻzlar shunga mos ohanglarga oʻraladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish