← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Sarguzasht adabiyoti

Sarguzasht adabiyoti – haqiqatda yuz bergan yoki toʻqib chiqarilgan voqealarni qiziqarli tarzda hikoya qiluvchi voqeaband asarlarning umumiy nomi. S.a. namunalariga xos umumiy xususiyatlar sifatida syujet voqealarining shiddat bilan rivojlanishi, sirli va ajabtovur voqealarning yuz berishi, oʻtkir intrigalarga boyligi, syujet situatsiyalarining keskin oʻzgarishi va personajlar taqdirida ters burilishlar yuz berishi (omad – omadsizlik, baxtiyorlik – baxtsizlik), qahramonlarning turli sinovlarga duch kelishiyu ularni yengib oʻtishi va sh.k.larni koʻrsatish mumkin. Bu jihatlari bilan S.a. fantastika, ilmiy fantastika va detektiv adabiyotga yaqin turadi, aniqrogʻi, sarguzashtlilik bu turdagi asarlarning barchasiga xos xususiyatdir. Shunga koʻra, koʻplab asarlarda sarguzashtlilik, detektiv va fantastika elementlarining qorishiq holda namoyon boʻlishi tabiiydir. Ayni chogʻda, sarguzashtlilikka yengil-yelpi hodisa sifatidagina qarash ham unchalik toʻgʻri boʻlmaydi. Chunki jahon adabiyoti sarguzashtlilik asosida yaratilgan jiddiy asarlarni, soʻz sanʼatining nodir namunalarini ham biladi. Jumladan, Servantesning “Don Kixot”, F.Rablening “Gargantyua va Pantagryuel”, J.Sviftning “Gulliverning sayohatlari” kabi asarlari ham sarguzasht syujet asosiga qurilgan. Umuman olganda esa, koʻproq, ommaviy kitobxonga moʻljallangani, kitobxonni oʻziga jalb etishni asosiy maqsad qilishidan kelib chiqib, S.a. belletristikaga mansub deyiladi. Ayrimlar esa bolalar va oʻsmirlar tomonidan sevib oʻqilgani uchun S.a.ning koʻplab namunalari, jumladan, A.Dyuma, F.Kuper, M.Rid, R.Stivenson, R.Xaggard kabi adiblarning dunyoga mashhur asarlarini bolalar adabiyoti sirasiga kiritadilar. Oʻzbek adabiyotida sarguzasht syujet asosida yaratilgan asarlar (A.Navoiy. “Farhod va Shirin”; Gʻ.Gʻulom. “Shum bola” va b.) ham, S.a.ning yaxshi namunalari ham (X.Toʻxtaboyev. “Sariq devni minib”) mavjud.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish