← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Sariʼ

Sariʼ (ar. سريع – tez) – aruz bahrlaridan biri, tez aytiladigan bahr boʻlgani uchun shunday nomlangan. 2 ta mustafʼilun (– – V– / – – V–) va 1 ta mafʼulotu (– – – V) asllarining ketma-ket takrorlanishidan hosil boʻladi. Navoiyning “Mezon ul-avzon” asarida S. bahrining besh vazni, Boburning “Muxtasar”ida oʻn yetti vazni misollar bilan keltirilgan. S. bahrining bir necha vaznlari boʻlsa ham, sheʼriyatimizda, asosan, ikki vaznidan keng foydalaniladi. Oʻzbek mumtoz sheʼriyatida ilk bor Alisher Navoiy oʻzining ikki gʻazali va bir fardini hamda “Xamsa” tarkibidagi “Hayrat ul-abror” dostonini S. bahrida yaratgan. Navoiydan soʻng Ogahiy, Muqimiy, Habibiy kabi shoirlar ham ushbu bahrda sheʼrlar yozganlar. Mas., Navoiyning:

Sendin yiroq koʻzning erur hayronligʻi,

Hajring aro har lahza sargardonligʻi, –

bayti shu bahrda boʻlib, u sariʼi musaddasi solim (– – V– \ – – V– / – – – V) vaznidadir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish