← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Sarkazm

Sarkazm (yun. sarkaso – etini yulmoq) – 1) komiklikning turi, tasvirlanayotgan narsaga qaratilgan zaharli kulgi. Antik davrlardan keluvchi anʼanaga koʻra, S.ga kinoyaning bir turi, uning keskin va yuqori darajada namoyon boʻlishi sifatida qaraladi. S. bilan kinoya orasida oʻxshashlik kattaligiga qaramay, ularni jiddiy farqlovchi jihatlar ham bor. Jumladan, kinoyada hamisha koʻchma maʼnolilik xususiyati saqlanadi va obyekt bilan ifoda aloqasi pardalanadi, S.da esa koʻchma maʼnolilik, pardalanganlik xususiyati yemiriladi – nazarda tutilgan obyekt bilan ifodaning aloqasi ancha ochiq boʻladi. Agar kinoyada baho kontekstda reallashsa, S.da salbiy baho matnning oʻzidanoq anglashiladi – u goʻyo harir mato bilan pardalangan (yuzadagi maqtov yoki normal munosabat zamiridagi kulgi shundoq sezilib turadi). Maʼlum darajada pardalanganlik S.ni invektivadan, oshkora fosh etuvchi gʻazabli nutqdan farqlaydi. Ayni chogʻda, S. subyektiv munosabatning namoyon boʻlishi jihatidan ham kinoya bilan invektiva oraligʻida turadi: kinoyada obyektga nisbatan yashirib, xotirjam turgan holda kulinsa, S.da subyekt munosabati yashirilmaydi, lekin uning ifodasi invektiva darajasida keskin boʻlmaydi; 2) badiiylik modusi. S. badiiylik modusi sifatida yumor bilan birga bir guruhni tashkil qiladi. Agar yumorda niqob ostida individuallik boʻlsa, S. niqob ostida individuallikning yoʻqligi bilan xarakterlanadi. S. badiiylik modusi qahramoni uchun niqob olamda mavjudlikning yagona shakli, uning boru yoʻgʻi niqob, shuning uchun undan ayrilib qolmaslikka harakat qiladi. Yaʼni S.dagi “men” – nol, yoʻq darajadagi “men”, u olamda niqobsiz mavjud boʻlolmaydi. Mas., “Parvona”dagi Oʻtkuriy turli niqoblar (shoir, oshiq, ulfat va h.)ni ketma-ket almashtiraveradi, biroq bu niqoblar ortida uning oʻziga xos shaxsiyati koʻrinmaydi. Yoki M.Muhammad Doʻstning “Isteʼfo” qissasidagi boshqa qahramonlarga kinoyaviy munosabat kuzatilgani holda, Binafshaxonga munosabat S. darajasiga chiqadiki, unda hurmat qilishga, qadrlashga arziydigan shaxsiyatning oʻzi yoʻq. Binafshaxon faqat rol oʻynaydi, uning turgan-bitgani niqobdan (“elga taniqli shoira”, “katta arbobning xotini”) iborat, xolos. “Binafshaxon sheʼr yozganda taqadigan taqinchoqlarini taqib... farangi atirning anvoyi boʻylarini har yon taratib” kabi jumlalardan uning barcha xatti-harakatlari niqobga mos qiyofani oʻxshatishga qaratilganini anglash mumkin. Xuddi yumorda boʻlgani kabi, S. badiiylik modusi uchun ham eng oliy qadriyat – individuallik. Farqi shuki, yumor niqob ostidagi haqiqiy individuallikni ochishga qaratilsa, S. qahramon niqob qilib olgan soxta individuallikni inkor qilishga qaratiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish