← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Satira

Satira (lot. satura – aralash, qurama) – 1) komiklikning asosiy turlaridan biri. S.ning yumordan farqi shundaki, u oʻz obyektida ayrim nuqsonlar, tuzatsa boʻladigan kamchiliklarni emas, balki butunlay tanqid va inkor etiladigan mohiyatni – jamiyat va uning taraqqiyoti uchun jiddiy zarar keltiradigan, ijtimoiy xavfli illatlarni koʻradi. Shunga koʻra, S. tuzatishni emas, butunlay yoʻqotish maqsadini qoʻyadi. S.dagi kulgi yumordagi kabi doʻstona, begʻaraz kulgi emas, balki fosh qiluvchi beshafqat kulgidir (mas., A.Qahhor. “Ogʻriq tishlar”, “Tobutdan tovush”); 2) badiiylik modusi. S., odatda, qahramonlikka teskari modus sifatida talqin etiladi. Satirik modus qahramoni jamiyat hayoti uchun muhim va dolzarb maqomga daʼvo qilgani holda, shaxs sifatida bunday maqomga munosib boʻlolmaydi. Uning barcha intilishlari, muhim va noyob shaxs ekaniga oʻzini va boshqalarni ishontirishga urinishlari, oʻzi egallab turgan maqomni saqlab qolish uchun xatti-harakatlari – barchasi oʻz-oʻzini tasdiqlash shaklida boʻlishiga qaramay, mohiyatan oʻz-oʻzini inkor qilishgacha olib keladi. Satiraning ideali ham xuddi qahramonlik modusidagi kabi jamiyat hayotidagi eng muhim va dolzarb vazifani ado etuvchi shaxsdir. Farqi shuki, satirik qahramonning mohiyati (imkoni, saviyasi va b.) u ijro etayotgan rol (ijtimoiy mavqei, vazifasi)dan ancha tor. Qahramon buni anglab turgani holda, oʻzini egallab turgan mavqeiga munosib qilib koʻrsatishga intiladi, bu esa uni qahramonlik va tragik moduslardan farqlaydi. Satirik modusning voqe boʻlishida muallifning faol munosabati, kulgi orqali inkor qilish mavqeida turishi muhim. Shu bilan birga, satirik modus markazidagi shaxs muallif uchun kulgi obyektigina boʻlib qolmaydi, u ham, modus nazariyasidagi «men-olamda” konsepsiyasiga koʻra, tragik va dramatik qahramonlar kabi muallif (kitobxon) uchun oʻz-oʻzini anglash imkoniyatidir. Aytish kerakki, modus maʼnosidagi S. komiklik turi sifatida tushunilgan S. bilan doim ham muvofiq kelmaydi. Bu oʻrinda S. qahramonlik modusining transformatsiyaga uchrashi natijasida va uning ziddi sifatida paydo boʻlgani (qahramon – aksilqahramon), shuningdek, komiklik S.ning bosh xususiyati emas, balki uning uchun fakultativ hodisa ekanligini esda tutish lozim. Bundan tashqari, bitta asar doirasida turli badiiylik moduslari qorishiq holda namoyon boʻla oladi. Agar shulardan kelib chiqilsa, mas., A.Qahhorning “Sarob” romanidagi Saidiyga faqat dramatik modus emas, satirik modus qahramoni sifatida ham qarash kerak. Muallif uni inkor qiladi, biroq qahramon estetik analogiya sifatida yozuvchi uchun oʻz-oʻzini anglash vositasi boʻlib, Saidiyning yoʻli notoʻgʻri ekanligini oʻzi uchun tasdiqlab olishni xohlaydi. Tabiiyki, oʻquvchida ham xuddi shu holning kechishi koʻzda tutiladi. Demak, “Sarob”dan tragik yoki faqat dramatik katarsisni kutish oʻzini oqlamaydi, chunki bu holda subyekt – obyekt – oʻquvchi birligiga erishilmaydi. “Sarob”ning baʼzan notoʻgʻri talqin va baholarga uchragani asar badiiyatining ayni shu xususiyati doim ham eʼtiborga olinmagani bilan izohlanishi mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish