← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Savolu javob

Savolu javob (ar. سوال و جواب – savol-javob) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, baytni ikki shaxsning oʻzaro savol-javobi tarzida shakllantirish. S.j. sanʼati, shuningdek, bayt doirasidan chiqishi, yaʼni bir bayt savol, ikkinchisi esa javob tarzida shakllantirilishi ham mumkin. Rashididdin Votvot ushbu sanʼatni forsiyzabon shoirlar gʻoyat qadrlashi, fors sheʼriyatida boshdan-oyoq shu sanʼat asosida yozilgan qasidalar mavjudligini qayd etgan. S.j. sanʼati oʻzbek sheʼriyatida ham juda faol qoʻllangan, u sheʼrga jonlilik, hayotiylik baxsh etishi bilan deyarli barcha mumtoz shoirlarimiz eʼtiborini tortgan. Mas.:

Soʻrsa malakulmavt: “Sanga hur kerak?” deb,

“Yoʻq-yoʻq, manga dilxoh!” degumdur, dagʻi oʻlgum (Atoyi).

Dedim: koʻnglumga har yondin hadanging nedurur yora?

Muhabbat oʻtigʻa, dedi, oʻtindurkim qalaydurman (A.Navoiy).

Hajrda qaddimni dol etting, desam, bergay javob:

Kim qoʻyibdur sevgini qaddi bukilgan chol uchun (E.Vohidov).

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish