← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Sayohatnoma

Sayohatnoma – adabiy janr, yoʻlchining safar davomida koʻrgan-kechirganlari, oʻzga yurtlarning tabiati, ijtimoiy-maishiy turmushi, xalqi, urf-odatlari va boshqa sh.k. muallif mansub millat oʻquvchilari uchun qiziqarli va foydali boʻlishi mumkin maʼlumotlar beruvchi asar. Aksar hollarda S.lar oʻz oldiga oʻzga yurtlar haqida maʼlumot berish, yaʼni maʼrifiy maqsad bilan bir qatorda, publitsistik, badiiy-estetik, falsafiy, siyosiy maqsadlarni ham qoʻyadi. Janrning genezisi folklor va yozma adabiyot anʼanalarining sintezlashuvi natijasi boʻlib, markazida sayyoh-hikoyachi turgan asarlar folklor (mas., ertaklar) va yozma adabiyotda (mas., antik sayohatnomalar) juda qadimdayoq yaratilgan. S.larning janr-kompozitsion xususiyatlari sifatida markazida sayyoh-hikoyachi obrazining turishi va safar (muayyan yoʻnalishdagi makon va zamonda oʻzgaruvchi harakat) faktining mavjudligi, sayyoh-hikoyachining kuzatuvchi maqomida turishi va oʻzga yurtda koʻrganlarini oʻz yurtidagi holat bilan qiyoslab borishi kabilarni koʻrsatish mumkin. Janrning ushbu asosiy xususiyatlari saqlab qolingani holda, adabiyot rivoji davomida S.ning bir qator boshqa koʻrinishlari ham paydo boʻldi. Jumladan, koʻproq publitsistik xarakterdagi va ijtimoiy-maʼrifiy maqsadlarni koʻzlovchi “oʻz yurti boʻylab safar”lar (A.Radishchev. “Peterburgdan Moskvaga sayohat”; Muqimiy. “Sayohatnoma”; Choʻlpon. “Vayronalar orasidan”); oʻz yurtidagi holatni shartli ravishda tahlil qilish, muayyan ijtimoiy-siyosiy qarashlarni ifodalash maqsadlariga qaratilgan va koʻproq satirik xarakterdagi asli mavjud boʻlmagan “fantastik yurtlar”ga sayohatlar (J.Svift. “Gulliverning sayohatlari”); xorijliklarning muallif yurtidagi sayohati (Monteskye. “Fors xatlari”; Fitrat. “Sayyoh hindi”) va b. Shuningdek, adabiyot tarixida janrga xos shakliy xususiyatlar (sayyoh, safar fakti) olingani holda, S.lardan oʻzgacha maqsadlarni koʻzlovchi asarlar ham koʻplab uchraydi. Mas., Choʻlponning “Yoʻl esdaligi”da S.ga xos shakl asosida sayyoh-muallif ruhiyati, dunyoqarashidagi oʻzgarish jarayonlari ifodalanganki, uni ramziy lirik-publitsistik asar hisoblash mumkin.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish