← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Sayyor syujetlar nazariyasi

Sayyor syujetlar nazariyasi, migratsiyalar nazariyasi – XIX ning ikkinchi yarmida paydo boʻlgan nazariya. Unga koʻra, turli xalqlar ogʻzaki ijodida bir-biriga oʻxshash syujetlar mavjudligi adabiy asarlar bir madaniy-tarixiy hududdan boshqa madaniy-tarixiy hududlarga koʻchib yurishi bilan izohlanadi. Mutaxassislar S.s.n.ning vujudga kelishini xalqaro madaniy aloqalarning kuchayishi bilan bogʻlaydilar, uning asoschisi sifatida esa nemis olimi T.Benfey eʼtirof etiladi. 1859 yilda T.Benfey hind folklori namunasi boʻlmish “Panchatatra”ni nashr ettiradi, unga olimning bu nodir asar yuzasidan olib borgan tadqiqotlari ham qoʻshilgan edi. Bu tadqiqotida T.Benfey aksariyat hikoyat va ertaklar Hindistonda paydo boʻlgan, keyin butun dunyoga tarqalgan, degan xulosa chiqaradi. Mazkur xulosa mifologik maktab (q.) qarashlariga zid boʻlib, ikki yoʻnalish orasidagi bahs-munozaralar natijasida ularning tadqiq predmeti chegaralanadi: mifologik maktab vakillari asosiy eʼtiborni folklor genezisiga, migratsiyalar nazariyasi esa uning keyingi hayotiga qaratdi. S.s.n. folklorni muayyan bir elat yoki xalq mulki tarzida tushunishni chekladi, unga turli yurt, davrlar poetik madaniyatlaridan oʻzlashtirish natijasi deb qaradi. Albatta, bunday qarashda muayyan biryoqlamalik bor. Zero, turli xalqlar folkloridagi oʻxshashliklar faqat adabiy aloqa, oʻzlashtirish bilangina izohlanmaydi, bunda tipologik oʻxshashliklarni ham nazarga olmoq zarur. Biroq S.s.n. qiyosni, koʻproq, formal-sxematik asosda amalga oshirdiki, bu tipologik oʻxshashliklarning ham aksar oʻzlashtirish sifatida tushunilishiga olib keldi. Shularga qaramay, S.s.n. folklorshunoslik va adabiyotshunoslik rivojida sezilarli iz qoldirdi: faoliyati turli xalqlar folklorini qiyosiy oʻrganish bilan bogʻliq boʻlgani uchun ham, u ilmiy muomalaga juda katta hajm va koʻlamdagi materialni jalb etdi, qiyosiy adabiyotshunoslik rivojiga xizmat qildi, tarixiy poetika sohasining shakllanishiga ham maʼlum darajada asos soldi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish