← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Sentimentalizm

Sentimentalizm (fr. sentiment – his) – XVIII asrning ikkinchi yarmida Yevropa milliy adabiyotlarida vujudga kelgan oqim, nomlanishi ingliz adibi L.Sternning “Sentimental sayohat”(1768) asari bilan bogʻlanadi. Maʼrifatparvarlik ratsionalizmining tanazzulga uchrashi natijasida maydonga chiqqan S., undan farqli oʻlaroq, inson tabiatining javhari ong emas, hisdir, degan qarashga asoslanadi. Shunga koʻra, S. mukammal insonni tarbiyalashning sharti dunyoni aqlga muvofiq tarzda qayta qurish emas, unga tabiatan xos boʻlgan hislarni erkinlashtirish va rivojlantirishdir, deb biladi. S. adabiyotining qahramoniga xos muhim xususiyat yuqori darajada individuallashtirilganlik boʻlib, bu jihati bilan u jonli insonga yaqinroq turadi. Yana bir jihati, S.da quyi tabaqa kishilari hayoti, ichki dunyosi tasviriga koʻproq eʼtibor beriladiki, bu uning yutuq tomoni, kashfi sifatida baholanadi. Tabiiyki, S.da insonni baholash mezoni ham shunga mos oʻzgardi: inson qimmati uning his eta olish darajasi, katta tuygʻularga qobilligiga qarab belgilanadi, his eta olish insonga xos eng yuksak fazilat hisoblanadi. S. adabiyoti inson ruhiyatini chuqur tahlil qilishga intildi, inson bir qolip doirasida qolmasligi, uning turli omillar taʼsirida “har xil” boʻlib turishi mumkinligini koʻrsata oldi va bu bilan insonni ancha hayotiy tasvirlashga erishdi. S.ning koʻplab vakillari inson ruhiyatini, umuman, insonni ijtimoiy muhit bilan bogʻliqlikda tasvirlashga intildilar (J.Russo. “Yangi Eloiza”; D.Didro. “Fatalist Jak”). Bular S. bagʻrida adabiyot taraqqiyotining keyingi bosqichlari – romantizm va realizmga xos xususiyatlar nish urib yetilgani, uning badiiy tafakkur rivojida sezilarli ahamiyat kasb etganidan dalolat beradi. Ayni chogʻda, S. adabiyotining oʻrtamiyona namunalarida meyordan oshgan, sunʼiylik darajasiga yetgan emotsionallik – yigʻloqilik, hissiyotga oʻta beriluvchanlik, hissiyotlar olamida oʻralashib qolishlik kabi jihatlar ham uchraydi. Ilmiy muomalada salbiy maʼnoda qoʻllanuvchi “sentimentallik” terminining kelib chiqishi shunga borib taqaladi. Shu bilan birga, jahon badiiy tafakkuri S.ning bosh xususiyati boʻlgan hissiylikni oʻziga singdirib olganini ham eʼtirof etish kerakki, sentimentallik (q.) adabiyotdagi voqelikka munosabat turlaridan biri sifatida tushunilishi shundandir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish