← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Sentimentallik

Sentimentallik (ruschadan kalka: “sentimentalnost”) – muallif emotsionalligi koʻrinishlaridan biri; maʼnaviy dunyosi gʻoyat boy boʻlgani holda, hayotda shunga munosib oʻrin topolmagan, taqdirning izmi yoki jamiyatning joriy tartibotlari bir chetga surib qoʻygan insonlarga achinish hissi bilan yoʻgʻrilgan munosabat. Badiiylik moduslaridan farqli ravishda, S. koʻproq subyekt bilan bogʻliq. Yaʼni bu oʻrinda subyekt – obyekt – oʻquvchi uchligidan birinchisi (ijodkor) yetakchilik qiladi. Shuni ham taʼkidlash joizki, ijodkor S.i barcha oʻquvchilarga birdek taʼsir qilolmaydi, bu narsa konkret oʻquvchining xarakter xususiyatlari, badiiy didi, dunyoqarashi kabilar bilan bevosita bogʻliqdir. Yaʼni ijodkor S.i ayrim oʻquvchilarda shunga mos katarsisni yuzaga keltirsa, boshqalarida kinoyaviy munosabat ham uygʻotishi mumkin. Mazkur hol S.ning obyekt (qahramon)dagi asosi aniq-ravshan, mustahkam emasligi bilan bogʻliqdir. Rivoya personaj tilidan berilgan yoki muallif oʻzi bilan personaj orasida estetik distansiyani saqlay olmagan (bu narsa, ayniqsa, boshlovchi ijodkorlarga xos) hollarda obyekt (qahramon)ning oʻzida S. borday tuyuladi, lekin bu holda ham S., aslida, muallifning gʻoyaviy-emotsional munosabati asosida yuzaga chiqadi. Chunki obyekt oʻz tabiatiga koʻra tragik yoki dramatik xususiyatga ega boʻlishi mumkin, biroq muallif undagi bu jihatlarga urgʻu berishga emas, unga achinish tuygʻularini ifodalash va oʻquvchiga yuqtirishga intiladi. Mas., Choʻlponning “Qurboni jaholat” hikoyasi qahramoni Eshmurodda dramatizmdagi kabi oʻzini oʻzgalarga (muhit, jamiyat holati) qarshi qoʻygan holdagi ichki faol munosabat bor. Lekin muallif qahramonida mavjud dramatizm imkonlarini roʻyobga chiqarish oʻrniga unga sentimental munosabtini ifodalash va shu orqali oʻquvchida achinish tuygʻularini uygʻotishga intiladi. Natijada Eshmurod oʻquvchi achinishi kerak boʻlgan “qurbon” maqomida qoladi, muallif S.i qahramonni yoqlab, uni “qurbon” qilayotgan muhitni inkor etishga qaratiladi. Sentimental qahramonlardan farqli oʻlaroq, tragik va dramatik qahramonlar oʻz mavjudligini namoyon etish uchun olam tartibotiga (tragizm) yoki boshqa bir “men”ga – oʻzgalarga (dramatizm) qarshi tura oladi, yaʼni ular harakatsiz, passiv qurbon emas, ularning hatto oʻlimi ham oʻz mavjudligini namoyon qilish yoʻlidagi harakat, urinish boʻlib qoladi (Anna Karenina, Jyulyen Sorel). Agar badiiylik moduslari asosida yotuvchi «men-olamda” konsepsiyasi qahramonning oʻz mavjudligini anglashi va namoyon etishini talab etsa, S.da qahramonning mavjudligini idrok etgani holda uni namoyon qilolmasligi kuzatiladi va ayni shu hol uni “qurbon” maqomida qoldiradi (qiyoslang: “Oʻtgan kunlar”dagi Kumush va “Dahshat”dagi Unsinning oʻlimi).

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish