Shibhi ishtiqoq (ar. شبه اشتقاق – ishtiqoqqa oʻxshash, oʻzakdoshga oʻxshash) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, sheʼrda asli oʻzakdosh emas, biroq talaffuz yoki imlo jihatidan bir-biriga yaqinligi bois bir qarashda oʻzakdosh boʻlsa kerak, degan shubha uygʻotuvchi soʻzlarni ishlatish. Ilmi badiʼga oid manbalarda Sh.i. alohida sheʼriy sanʼat sifatida ham, ishtiqoqning bir koʻrinishi sifatida ham taʼriflanadi. Lutfiyning quyidagi baytida ishtiqoq sanʼati ham, Sh.i. sanʼati ham qoʻllangan:
Har kimki, shahid oʻlmadi dilbar qilichidin,
Bechora borib topmadi ul shahdi shahodat.
Bu oʻrinda sheʼriy sanʼatlar “shahid”, “shahd” va “shahodat” soʻzlarining qoʻllanishi tufayli yuzaga kelmoqda. Baytda “shahodat” soʻzi “guvohlik” emas, balki “shahidlik” maʼnosida qoʻllangan, yaʼni shoir “dilbar qilichidan shahid boʻlmagan odam shahidlik lazzatini topmaydi”, demoqchi. Demak, baytdagi “shahid” va “shahodat” soʻzlari oʻzakdosh, ularning qoʻllanishi ishtiqoq sanʼatini yuzaga chiqarmoqda. Biroq “shahd” soʻzi ularga oʻzakdosh boʻlmagani holda, talaffuzi va yozilishi jihatidan yaqin, shu tufayli ham oʻzakdoshday tuyuladi (oʻzakdosh degan shubha tugʻdiradi) va shu asosda Sh.i. sanʼati yuzaga chiqadi.
Шибҳи иштиқоқ (ар. شبه اشتقاق – иштиқоққа ўхшаш, ўзакдошга ўхшаш) – мумтоз адабиётдаги шеърий санъат, шеърда асли ўзакдош эмас, бироқ талаффуз ёки имло жиҳатидан бир-бирига яқинлиги боис бир қарашда ўзакдош бўлса керак, деган шубҳа уйғотувчи сўзларни ишлатиш. Илми бадиъга оид манбаларда Ш.и. алоҳида шеърий санъат сифатида ҳам, иштиқоқнинг бир кўриниши сифатида ҳам таърифланади. Лутфийнинг қуйидаги байтида иштиқоқ санъати ҳам, Ш.и. санъати ҳам қўлланган:
Ҳар кимки, шаҳид ўлмади дилбар қиличидин,
Бечора бориб топмади ул шаҳди шаҳодат.
Бу ўринда шеърий санъатлар “шаҳид”, “шаҳд” ва “шаҳодат” сўзларининг қўлланиши туфайли юзага келмоқда. Байтда “шаҳодат” сўзи “гувоҳлик” эмас, балки “шаҳидлик” маъносида қўлланган, яъни шоир “дилбар қиличидан шаҳид бўлмаган одам шаҳидлик лаззатини топмайди”, демоқчи. Демак, байтдаги “шаҳид” ва “шаҳодат” сўзлари ўзакдош, уларнинг қўлланиши иштиқоқ санъатини юзага чиқармоқда. Бироқ “шаҳд” сўзи уларга ўзакдош бўлмагани ҳолда, талаффузи ва ёзилиши жиҳатидан яқин, шу туфайли ҳам ўзакдошдай туюлади (ўзакдош деган шубҳа туғдиради) ва шу асосда Ш.и. санъати юзага чиқади.
Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.